Mutolaa. Yolg‘on. Hikoya
Branislav Nushich (Serb yozuvchisi)
Daryolarning jo‘shqin oqimi, magnitlanish kuchlari, bug‘, elektr toki, radioto‘lqinlar kabi tabiatning kuchlari inson qurbidan bir necha barobar qudratlidir. Bu kuchlar barcha narsani harakatga keltiradi, o‘ziga tortadi, ko‘klarga ko‘tarishi yoki yer bilan yakson qilishi mumkin.
Yana shunday bir bir kuch borki, u inson ongining yana bir ifodasini namoyon qiladi, u barcha tabiiy kuchlardan baquvvat. U - buyuk yolg‘on.
Yuqorida aytib o‘tilgan tabiat kuchlarining hech biri yolg‘on dastidan keladigan darajada yo‘q qilishga, sindirishga, kuydirishga yoki butunlay kul qilib yuborishga qodir emas. Ularning hech biri yolg‘ondek ko‘rinmas va shu daraja o‘jar bo‘la olmaydi.
U olovsiz yondiradi, shovqinsiz yo‘q qiladi, jangsiz zabt etadi.
Bayonotim asossiz emas. Buni aytishdan oldin men ko‘plab tajribalar o‘tkazdim va ularning natijalari haqida sizga xabar bermoqchiman.
Meni ikki savol qiziqtirardi: men o‘ylab topgan yolg‘on Belgrad bo‘ylab qancha vaqt davomida aylanib yuradi va uni o‘ylab topganga qay shaklda qaytib keladi. Bu masalalarga oydinlik kiritish uchun quyidagicha harakatni amalga oshirdim.
Kuni kecha ertalab men sayrga chiqdim, soat roppa-rosa o‘ndan o‘n yetti daqiqa o‘tganda Teraziya favvorasi yonida Vida xonimni uchratib qoldim. Odat bo‘yicha uning sog‘lig‘ini surishtirdim, so‘ng bexosdan qo‘shib qo‘ydim:
- Janob Mirkovich haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak.
- Yo‘q, unga nima bo‘lgan ekan? – dedi Vida xonim.
- Aytishlaricha, u xotini bilan ajrashyapti ekan.
- Bo‘lishi mumkin emas! – hayron bo‘lib hayqirdi Vida xonim. – Aql bovar qilmaydi. Axir ular yaxshi yashashardi... Sababi nimada ekan?
- Sababi noma’lum. Ehtimol, hech qanday sabab ham yo‘qdir. Ular shunchaki bir-biridan charchagan, birga yashash zerikarli bo‘lib qolgan.
Vida xonim shosha-pisha men bilan xayrlashib, o‘n qadamlarcha yurib, Persida xonimni uchratadi.
- Azizim, sizni uchratganim juda yaxshi bo‘ldi. Xudoyim, yangilikni eshitdingizmi?
- Qanaqa yangilik? – qiziqib so‘radi Persida xonim.
- Aytishlaricha, Mirkovich xotini bilan kelishmay qolibdi.
- Bo‘lishi mumkin emas?!
- Qanaqasiga “mumkin emas”, u hatto uning uyida yashamayapti. Kecha Mirkovich uni onasining uyiga yuborgan ekan.
- Voy, Xudoyim, nega axir?
- Negaligini hech kim bilmaydi. Bilasizmi... Ehtimol o‘sha leytenant tufaylidir. Ha, aniq o‘sha uchun. Odamlar birga yashashdan zerikkani uchungina tarqalib ketishmaydi-ku, axir.
- Shunday... Kimdan-kimdan, lekin undan buni kutmagandim... Xo‘sh, ko‘rishguncha Vida xonim, ko‘rishguncha!
Persida xonim Knyaz Mixail ko‘chasi bo‘ylab yo‘lida davom etdi va u yerdagi qahvahona yonida Lyuba bilan uchrashib qoldi.
- Sizdan juda xafaman, - dedi u yo‘l-yo‘lakay.
- Nega? – hayron bo‘ldi Lyuba.
- Qanday qilib, xafa bo‘lmasligim mumkin axir, kechagina mehmonda birga edik, butun oqshom dunyodagi barcha narsa haqida gapirib, shunday muhim hodisa haqida bir og‘iz so‘z aytmadingiz.
- Qaysi hodisa haqida?
- Mirkovichning xotini bilan kelishmovchiligi haqida eshitmaganmidingiz?
- Xudo asrasin, bu haqda birincha marta eshityapman.
- Butun Belgrad bu haqda gapirgan bir paytda qanaqasiga siz birinchi marta eshitasiz? Bu oddiy mojaro emas. Bu turgan-bitgan janjal. U qayerdagi bir leytenant uchun xotinini haydab yuboribdi. Guvohlar bilan birga o‘z uyida ularning ustiga kelib qolgan ekan, aytishlaricha, ular hatto yoqalashibdi. Albatta, men ularning ishqiy munosabatda bo‘lganligidan xabardor emasman. Hamma tafsilotlarni yaxshilab bilib oling va hammasi haqida aytib berish uchun bugun kechqurun yoki ertaga ertalab bizlarnikiga keling.
- Xudoyim, albatta, shunday qilaman. Hozir idoraga borib, hamma narsani bilib olaman. U yerdagi amaldorlarning uchtasi oilali. Ular bu haqda xotinlaridan eshitgan bo‘lgan bo‘lishi kerak. Xayr, ko‘rishguncha.
- Hammasini bilib olib, bizlarga aytib berishni unutib qo‘ymang.
- Yo‘q, yo‘q, unutmayman.
Lyuba idoraga bordi, u yerda qahva ichib xotinlari tushlikka nima tayyorlayotgani haqida suhbatlashib o‘tirgan uch amaldorni topdi.
- Janoblar, qaysi biringiz Mirkovich ishi tafsilotlaridan xabardorsiz?
- Qaysi ishi haqida? – hayron bo‘lib so‘radi amaldorlardan biri.
- Oilaviy mojarosi haqida-da! Nahotki, hech narsa eshitmagan bo‘lsangiz?
- Eshitganimiz yo‘q, - bir ovozda javob berdi uch amaldor.
- Afsus. Lekin voqealar juda qiziq tus olgan: gap shundaki, qaysidir bir leytenant Mirkovichning xotinini sevib qolgan ekan. Tafsilotlar, albatta sizni qiziqtirmaydi, asosiy gap shundaki, kuni kecha badbaxt leytenant uning uyiga derazadan kirgan ekan. Shu payt Mirkovich ikkita guvoh bilan eshikdan kirib kelibdi... Ularning o‘rtasida duel bo‘libdi. Kecha... ertalab... Ya’ni.... albatta duel bo‘lmagan, lekin umuman olganda shunday bo‘lishi kerak edi. Tafsilotlardan xabardor emasman, lekin eshitishimcha, Mirkovich xotinini qo‘lidan ushlab onasiga olib kelib, “Marhamat qilib qabul qilib olsangiz!”, debdi.
- Qarang-a? – hayratini yashirmadi uch oilali amaldor va tushlik tanaffusiga yetar-yetmasdan uylari tomon shoshilishdi va shubhasiz har biri xotiniga o‘zi eshitgan yangilikni o‘zicha “talqin” qildi. Bu taxminan shunday ko‘rinardi:
- Mitsa, azizim nimalar bo‘layotganini tasavvur ham qila olmaysan! Mirkovichning xotini....
- Qaysi Mirkovichning?
- Nahotki, uni tanimasang?
- Taniyman, xo‘sh, nima bo‘pti unga?
- Uning shunchalik ahloqsizligini hech kim bilmagan ekan.
- Nimalar deyapsiz, azizim?
- Aytishlaricha, eri bundan oldin ham ularni o‘n marta tutgan, lekin gap-so‘z chiqib ketmasin, deb chidab yurgan ekan, bechora. Endi uning sabri tugadi, shekilli. U uni haydab yubordi, kecha jandarmlar bilan onasining uyiga olib borib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga: “Mana qabul qilib oling, olma olmaning tagiga tushadi!” depti.
- Bo‘lishi mumkin emas! – hayratlandi Mitsa xonim.
- Axir ular haqiqiy oshiq-ma’shuq, azizim, haqiqiy romantika! Kecha ular duel chaqirishibdi, leytenant yarador ekan.
- U qayeridan jarohat olgan?
- Anig‘ini bilmayman, aytishlaricha, qo‘lidan yaralangan, bir barmog‘idan ajralibdi.
Mitsa xonim toshdek qotdi. Nafaqat Mitsa xonim, balki tushlik paytida bu xabarni turmush o‘rtog‘idan eshitgan ikki boshqa amaldor xotini - Leposava va Yela xonimlarning ham hushi boshidan uchdi.
Tushlikdan so‘ng erlarini idoraga kuzatib qo‘yishgach, Mitsa xonim, Leposava va Yela xonimlar butun Belgradni bo‘laklarga bo‘lib olgandek, turli yo‘nalishlar tomon otlanishdi. Ular bir uydan chiqib, boshqasiga kirdi, ayollarni kuzatib qo‘ygandan keyin, bu uy bekalari ham darhol kiyinib olib, o‘zlari “mehmon”ga ketishdi.
Shu tarzda Mirkovichning “ishi” haqidagi xabar telegraf tezligida butun shahar bo‘ylab tarqaldi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra (hatto statistik materiallar har doim taxminiy hisob-kitoblar asosida tuziladi), men tushdan keyingi soat uchdan beshgacha bo‘lgan vaqt davomida ikki yuz yetmish ikki ayolning uyma-uy yurib, Mirkovichning “ishi” haqida gaplashish bilan band ekanligini aniqladim.
Kechga yaqin, aniqrog‘i, soat olti-yu yigirma to‘rtda, ertalab soat o‘n-u o‘n yettida men birinchi bo‘lib xabar yetkazgan Vida xonimni yana uchratdim. Vida xonim dugonalarining biri oldidan qaytayotgan edi va meni ko‘rib qo‘llarini bir-biriga urib, dedi:
- Xudoyim, men bilan shunday yangilikni baham ko‘rmoqchi ekansiz, nega birdan hammasini aytib bera qolmadingiz? Tafsilotlarni boshqalardan bilib oldim.
- Lekin, men hech qanday tafsilotlarni bilmasdim. Menga ham aytib bersangiz. Juda qiziq, iltimos!
- Albatta. Men hozirgina Yulka xonim huzurida bo‘lib turgan edim va bu ish haqida hamma narsani biladigan bir ayoldan eshitdim. Leytenantning ismi Iosif. Ular Mirkovich xonim turmushga chiqmagan paytlarida bir-birini sevib qolishgan ekan. To‘ydan keyin ham leytenant uni yo‘qlab turgan. U kiyimini almashtirib yurgani sababli hech kimda shubha uyg‘otmagan. Go‘yo ishga olinadigandek bir ayol kiyimida, bir mo‘ri tozalovchi bo‘lib kiyinib, go‘yo quvurlarni tozalagani kelardi.
Aytishlaricha, janob Mirkovich uyida kuyuk izlarini ko‘rib qolgan ekan, darhol poylashga tushib, shu yerning o‘zida uni ushlab olibdi. Anchagina odam to‘plangan, yigirmaga yaqin jandarm uyni o‘rab olgan, Mirkovich xotinini chala o‘lik bo‘lguncha urib, soch turmaklarini buzib tashlabdi, keyin faytonga o‘tqazib, jandarmlar bilan onasi uyiga olib borib, onasining yuziga tupuribdi! Ertasi kuni ertalab u leytenant bilan duelga chiqib jang qilibdi va bechoraning qo‘l barmoqlarini tagidan kesib tashlabdi. Leytenant demobilizatsiya qilingan emish. Ana shunday, bularning barchasini men ishonchli manbalardan eshitdim.
Biz xayrlashdik. Tajriba muvaffaqiyatli o‘tdi. Yolg‘on sakkiz soat, yetti daqiqada butun Belgradni aylanib chiqdi. O‘zingiz men uni qanday shaklda dunyoga chiqarganim va Vida xonim uni menga qay shaklda qaytarganining guvohi bo‘ldingiz.
O‘sha oqshom yo‘l-yo‘lakay ko‘chada hech gapdan xabari yo‘q, oilaviy baxtidan bahramand, quvnoq va mamnun qo‘ltiqlashib ketayotgan janob Mirkovich va Mirkovich xonimni ham uchratdim.
Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.