Mutolaa: Yong‘in bo‘lganda kimni qutqarasiz? (Hikoya)
Suqrot buyuk faylasuf, ko‘p farzandning otasi edi, u maydonga chiqib zamondoshlariga qiyin savol berishni yaxshi ko‘rar edi. Men o‘sha savollardan birini hozirgi kunda muhokamaga olib chiqishga harakat qildim. Mana, natijada nima bo‘ldi.
***
Kuz oqshomlarining biri edi. Bolalar o‘z xonalariga tarqab ketishgan. Men Suqrotni mutolaa qilib o‘tirgandim. Bir savol meni hayratga soldi. "Agar yong‘in chiqsa va siz faqat bir kishini qutqarishingiz kerak bo‘lsa, kimni qutqarasiz? Turmush o‘rtog‘ingiznimi yoki yagona farzandingiznimi? ".
Barcha erkaklar "Albatta, farzandimni", deb javob beribdi. Suqrot esa "Men yosh turmush o‘rtog‘imni qutqaraman. Biz ayolim bilan birga kuyamiz, vaqt o‘tib u menga yana farzand dunyoga keltirib beradi. Agar farzandimni qutqarsam menga ham, unga ham qayg‘u bo‘ladi. U o‘zining ko‘rinishi bilan doim menga o‘sha fojiani eslatib turadi. Farzandimning o‘zi esa aka-opalarini ham, onasini ham yo‘qotadi. Keyin o‘gay ona qo‘lida qoladi, o‘gay ona esa uni o‘z onasi sevgandek seva olmaydi.
Albatta, bahs-munozara uzoq vaqtgacha susaymadi. Men esa turmush o‘rtog‘imning nima deb javob berishiga qiziqib ketdim. O‘qishdan boshimni ko‘tarib unga shu savolni berdim. U esa ’’Hamma farzandini qutqaradi, chunki u himoyasiz, yana ham bilmadim, xammani qutqargan bo‘lar edimu, agar bir kishini bo‘lsa, unda farzandimni" dedi. Men esa unga Suqrot haqida gapirib berdim. U qo‘limdagi gazetani chekkaga surib qo‘ydi. Biz birgalikda tuni bilan o‘sha savolni muhokama qilib chiqdiq. Savol haqiqatdan qiyin ekan. Ertalab ikkalamiz ishga, bolalar maktab va bog‘chaga ketishdi. Kun bo‘yi ish bilan band bo‘lib, Suqrot esimdan chiqibdi. Kechqurun xo‘jayinim eslatdi.
Bugun meni ishda bo‘g‘ib olishlariga sal qoldi. Tanaffus vaqtida, tushlikda, hamkasblarimga Suqrot haqida gap ochdim, xamkasblarimga uning savolini berdim. Ular javob berib bo‘lishgach, "Men ham kechqurun shunday javob bergandim", dedim. Lekin ertalab fikrimni o‘zgartirdim. Chunki Suqrot asosli dalillar bilan meni ishontirdi.
Xo‘jayinimning aytishicha, hamma ovqatlanishdan to‘xtab, shovqin qilib, bir biriga isbotlashga harakat qilib, do‘stlariga qo‘ng‘iroq qilishar, shovqinni eshitib boshqa bo‘limdagi xodimlar ham kelib qo‘shilishardi. Natijada buxgalteriya bo‘limidagi ayollarni ham chaqirishibdi, ular ham bir ovozdan, xo‘jayinimga "Jinni bo‘lganmisiz? " Axir siz boshqa ayolga uylanishingiz mumkin. Farzand sizni zurriyodingizku!", deyishibdi.
Har qalay rahbar kelib qutulib qoldim. U ish vaqti xodimlarni ish o‘rnida yo‘qligini ko‘rib, tortishib o‘tirgan xodimlarni tarqatib yubordi.
Xo‘jayinim ish joyiga qaytib qarasa, nafaqadagi hamkasbi kelgan, u muhokamada ishtirok etmagan ekan. "Nega xodimlar baqirib yotibdi? Mukofot pulini bekor qilishdimi?", deb so‘rabdi u. "Yo‘q, falsafiy bahs qilgandik!".
Xullas, nuroniyga ham o‘sha savol berilibdi. Otaxon oilali, qirq yildan beri ayoli bilan birga yashaydi, uch o‘g‘ilni voyaga yetkazdi, ularni har birini uyli-joyli qildi, hozirda besh nabirasi bo‘lib, doim ularni yaxshi ko‘rib, ularnikiga mehmonga kelib turadilar. Nuroniy o‘ylanib turib: ’’Hamma farzandimni qutqaraman degandir-a. Men esa ayolimni tanlagan bo‘lar edim: bolalar xuddi qushdek, voyaga yetgach uydan uchib ketishadi. Mehmonga kelib turishadi. To‘g‘ri, ular meni yaxshi ko‘rishadi, men ham ularni yaxshi ko‘raman. Ayolim bilan esa o‘lguncha birga bo‘lamiz, ajralmaymiz’’, dedi.
O‘ylanib qoldim, balki biz oilani noto‘g‘ri qadrlaganimiz uchun ko‘p ajrimlar yuzaga kelayotgandir. Ehtimol, asosiysi bizning farzandlarimiz emasmi? Ular uchunku hamma narsa. Ehtimol, ota-onalar bir birlarini barcha narsadan ustun qo‘yib, bir birlarini hurmat qilishsa o‘shanda barcha insonlar baxtli bo‘larmidi!
Agar yong‘in bo‘lsa siz kimni qutqargan bo‘lardingiz?
Rus tilidan Munisa Shamsiyeva tarjimasi.