Myanmada zilzila qurbonlari soni oshmoqda. Oq uy Putinning Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun vaqtinchalik boshqaruv joriy etish taklifiga munosabat bildirdi. G‘azoda eng halokatli hafta

🔹 Myanmadagi zilzilada o‘nlab odamlar qurbon bo‘lgan, jarohatlanganlar 200 nafardan ziyod. Seysmologlar yangi zilzilalar qayd etmoqda. Bedarak yo‘qolganlar soni ko‘pligiga qaraganda, qurbonlar oshishi ehtimoli yuqori.

🔹 Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun BMT va bir qator davlatlar shafeligida vaqtinchalik boshqaruvni joriy etishni muhokama qilishni taklif qildi. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili taklif yuzasidan izoh berar ekan, Ukrainada davlat boshqaruvi uning konstitutsiyasi va xalq tomonidan belgilanishini eslatdi. Putin yana bir bor Vladimir Zelenskiyni Ukrainaning qonuniy prezidenti deb hisoblamasligi va u bilan hech qanday tinchlik hujjatlarini imzolash imkoniyatini ko‘rmasligini bildirgan.

🔹 G‘azo sektori mojaro boshlanganidan beri o‘zining eng fojiali haftasini boshdan kechirdi, so‘nggi yetti kun ichida 500 dan ortiq odam, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Bu haqda BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh kotibi Filipp Lazarini ma’lum qildi. Gumanitar vaziyatning yomonlashuvi fonida Isroil qurolli kuchlari turli hududlarga zarba berishda davom etmoqda. Xalqaro tashkilotlar tinch aholini himoya qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

🔹 Bugun Erdo‘g‘on Putinga qo‘ng‘iroq qilib, tinchlik muzokaralarida yordam berishni taklif qilgan. Turkiya prezidenti yana bir bor hoh Ukraina, xoh AQSh yoki Rossiya muzokarachilari bo‘lsin, qabul qilishga tayyorligini bildirgan.

🔹 Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbatda Tehron yadro dasturi bo‘yicha diplomatik muloqotga tayyorligini tasdiqladi. Eron vaziri bosim va tahdid ostida muloqot imkonsiz ekanini takror ta’kidladi.

🔹 Yevropa Ittifoqi Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan keyingi bayonotlari fonida Rossiyaga qarshi yangi, o‘n yettinchi sanksiyalar paketi ustida ish boshladi. Rossiya Qora dengizda bir qator iqtisodiy cheklovlar olib tashlanishi sharti bilan o‘t ochishni to‘xtatishga roziligini bildirgan.

🔹 AQSh Falastin tarafdori namoyishlarda qatnashgani uchun 300 dan ortiq chet ellik talaba vizalarini bekor qildi. Yil boshida AQSh prezidenti Donald Tramp antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha qaror imzolagan va G‘azo sektoridagi urushga qarshi namoyishlarda qatnashgan talabalarni haydash bilan po‘pisa qilgan edi.

🔹 Suriya va Livan chegarani belgilash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Mudofaa vazirlari xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Jiddada uchrashgan.

🔹 Aprel oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Rossiya va AQSh o‘rtasida maslahatlashuvlarning yangi raundi bo‘lib o‘tishi mumkin.

G.Xoldorova tayyorladi.