Namanganlik deputatga bog‘liq voqelik bo‘yicha Bosh prokuratura bayonot berdi
2020 yil 15 aprel kuni xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati T.Muhamadiyev o‘ziga tegishli avtomashinasida Namangan shahar, Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida tashkil etilgan blok-postga yetib kelib, shu yerda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Ayni holatda JKning 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish)da ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli Namangan shahar prokuraturasi 2020 yil 16 aprelda T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish haqida xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga taqdimnoma kiritadi.
Shu kunning o‘zida mazkur taqdimnomani ko‘rib chiqqan xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi 21-06-sonli qaror bilan T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Kengashning roziligi asosida shahar prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Biroq oradan uch kun o‘tib, 2020 yil 19 aprelda xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan sessiyasida amaldagi qonunchilikka zid ravishda Kengashning yuqorida qayd etilgan 21-06-sonli qarori bekor qilinib, T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.
Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati prokurori tomonidan 2020 yil 21 aprelda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga shahar Kengashi chiqargan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.
Ushbu taqdimnoma 2020 yil 25 aprelda viloyat Kengashida ko‘rib chiqilib, shahar Kengashining 2020 yil 16 apreldagi 21-06-sonli karori o‘zgarishsiz qoldirildi (T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etildi) hamda 2020 yil 19 apreldagi qarori bekor kilindi.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.