Narpaylik fermer ayol kipriklarini qirov bosgani haqida Prezidentga gapirib berdi

Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimi bo‘lish har qanday ayolning ham qo‘lidan kelavermaydi. Narpaylik Zaynab Haydarova ish faoliyatini hamshiralikdan boshlagan. Oliy ta’lim muassasasida pedagogika yo‘nalishida ta’lim olib, bolalar bog‘chasida mudira vazifasida ishladi. Keyinchalik qishloq xo‘jaligi institutida ham tahsil oldi. 1984 yildan boshlab 20 yildan ziyod vaqt davomida tumandagi “Zarafshon” jamoa xo‘jaligida brigada boshlig‘i bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. 2006 yildan beri fermerlik bilan shug‘ullanib kelyapti.

Kipriklarimizni qirov bosib, uch oylab paxta terganmiz

Zaynab opa ayol boshi bilan 40 yildan beri ham ro‘zg‘or tashvishlari, ham qishloq xo‘jaligi sohasidagi har qanday qiyinchiliklarga bardosh berib mehnat qilib kelyapti. U dehqonchilikka mehr qo‘ygani bois yozning jaziramasida ham, qor-qirovli kunlarda ham paxta dalalarini tark etmaganini esga olib, bugungi kunda yaratilayotgan sharoitlarga shukr qiladi.

- Sobiq ittifoq davrida uch oylab paxta terardik, - deydi u. – Noyabr oyining oxirilarida ham yarim tungacha, ba’zan tonggacha ko‘raklarni varaqadan chiqarib paxta qabul qilish punktiga topshirgunimizcha qosh-kipriklarimni qirov bosardi. Paxta pullari qayerga ketardi bilmasdik. Arzimagan oylikka ishlab yurardik. Paxtani parvarishlash jarayonlari ham qiyin edi. Kecha-yu kunduz suvchilar bilan birga dalada yurardik. Endi esa azob-uqubatlar ortda qoldi. Yetishtirgan paxtamizni bir oy ichida yig‘ishtirib olyapmiz. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, fermer xo‘jaliklari, keyingi yillarda esa klasterlar tashkil qilinib, katta imkoniyatlar va qulayliklar yaratildi.

Paxta dalalarini uyda o‘tirib sug‘oryapmiz

Keyingi yillarda fermerlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bir qatorda yuzaga kelayotgan muammolar ham yo‘q emas. Ammo bu maslalar ham bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda. Masalan, Zaynab Haydarova rahbarlik qilayotgan “Mehnat - rohat” fermer xo‘jaligidagi yer maydonlarida suv tanqisligi olinadigan hosilga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

- Bu yil ob-havoning issiq kelishi va suv tanqisligi ko‘raklarning  kuyishiga sabab bo‘ldi, - deydi Z.Haydarova. – Ammo vaziyatdan chiqib ketish, ko‘zlangan hosilni olish maqsadida 20 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ydik. Bu juda qulay va foydali usul ekan. Suv, o‘g‘it, yoqilg‘i, ishchi kuchi hamda vaqt tejaladi. Asosiysi, uyda o‘tirib, qo‘limizdagi telefon orqali paxta dalasini sug‘orishimiz mumkinligi shu paytgacha yetti uxlab tushimizga kirmagandi.

G‘aflatda qolganlarni uyg‘otish kerak

Bugungi kunda aholi orasida to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa-da ishlamasdan, mahalla yoki hokimlikka moddiy yordam so‘rab boruvchi boqimanda kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Zaynab opa deputat sifatida mahallalardagi ana shunday ishsizlarga o‘z maslahatlarini berib, kamgina yerdan mo‘maygina daromad olish sirlarini o‘rgatyapti.

- Aksariyat ishsiz ayollar va yoshlarimiz  g‘aflatda qolgan, - deydi fermer. – Ularni uyg‘otish, mehnatga o‘rgatish uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilyapman. Shu yil mahallamizdagi 20 nafar ishsiz yoshga fermer xo‘jaligimdan 8 gektar yer maydonini bo‘lib berdim. Bu yerdan qanday unumli foydalanish kerakligi haqida maslahatlarimni ham ayamayapman. Har biri o‘zlariga ajratilgan yerda mehnat qilib, birinchi ekindan 20 million so‘mgacha daromad qildi. Ikkinchi ekin, keyinchalik to‘qsonbosti ekinlardan ham mo‘maygina daromad olish mumkin.

38 yilda 4 ta mukofot

Sabr, matonat, shijoat, kelajakka bo‘lgan ishonch Zaynab opani bir zum tark etmadi. Ming bir qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Mehnat qilib, rohatini ham ko‘rmoqda. Ha, fermer xo‘jaligining “Mehnat-rohat” deb nomlaganligi bejizga emasligini ham isbotladi.

- Qishloq xo‘jaligi sohasida 14 yil ishlab, Mustaqilligimizning 7 yillik bayrami arafasida ilk bor davlat mukofoti - “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘ldim, - deydi qahramonimiz. – 2014 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. 2017 yilda ilk bor dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni deb e’lon qilindi. Va shu bayramda Prezidentimiz menga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor” unvonini topshirdi. Bunday e’tibor meni ruhlantirdi. Hozir yoshim yetmishda. Endi ishlamayman, dam olaman, deb turgan paytimda Prezidentimiz yana bir yuksak mukofot -  “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi. Bu mening kuchimga kuch-g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shdi va umrining oxirigacha shu yurt ravnaqiga hissa qo‘shish uchun mehnat qilishga ahd qildim.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.