Nega boyib ketmayapsiz?
Boylik. Inson borki badavlat bo‘lishni xohlaydi. Lekin dunyodagi sanoqli insonlargagina juda boy bo‘lish nasib etgan. Yozuvchi va biznesmen Bodo Shifer boylik inson tug‘ilganda unga ega bo‘lish huquqi bilan dunyoga keladi, degan fikrni bildiradi. Nega unda yer sayyorasidagi aholining barchasi badavlat emas.
Dunyodagi boylikning 85 foizi bor-yo‘g‘i bir foiz boylarning qo‘lida to‘plangan. O‘ylab ko‘rilsa, o‘sha boylar ham oddiy odamlar, aksariyatining imkoniyatlari ham birdek, ammo ularning yutug‘i katta merosga ega bo‘lgani yoki kutilmagan xazina topib olgani emas, balki mashaqqatlardan tolmasdan izlangani, harakat qilgani, mag‘lubiyat ortidan muvaffaqiyat kelishiga ishonganidir. Biz havas qiladigan dunyo boylari tarixini o‘rgansangiz ham ular yoshligida katta qiyinchiliklarga uchragani, ish boshlashda ham ko‘p to‘siqlarga duch kelganini ko‘ramiz, lekin ular o‘sha muammolarga yechim topgan, qiyinchiliklarni yengib o‘tib, maqsadiga erishgan.
Hokim yordamchisi lavozim emas
Zamonamiz iqtisodchilarining fikricha, g‘oyani amalga oshirish orqali oddiy tadbirkorning yetuk bo‘lib ketishi, g‘oya muallifini katta mablag‘ga ega bo‘lishi ko‘p jihatdan omad, bilim va muvaffaqiyatga bog‘liq. Lekin butun mamlakat aholisining ayot tarzini yaxshilash, kambag‘allikdan farovonlikka olib chiqish haqiqiy qahramonlik bo‘ladi. Hozirgacha bu ishni faqat Xitoy uddaladi, xolos. Ular 1990 yillargacha qiyin sharoitda hayot kechirgan aholisiga ekin ekish uchun yer berish orqali odamlarni ish bilan ta’minlashni boshladi. Dastlabki yillarda ular uchun soliq imtiyozlari berildi, kichik ishlab chiqarish liniyalari tashkil etishga imkoniyat yaratildi. Natijada bir necha yil ichida tadbirkorlar sinfi shiddat bilan o‘sdi, soliq tushumlari karrasiga oshdi, kambag‘allik qisqarib, ishsizlikka barham berildi. Bizda ham muhtoj aholiga 10 sotixdan 1 gektargacha yer berilyaptiku, nega unda boyib ketmayapmiz? Boyib ketish uchun faqat ekin ekib uni xomashyo sifatida sotish emas, mahsulotni qayta ishlab bozorga chiqarish kerak. Bu bozorning ajralmas qonuni, kimda qayta ishlash imkoniyati bo‘lsa u shuncha ko‘p daromad oladi. Har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etilishi aholini tadbirkorlikka o‘rgatishda muhim omil bo‘ldi. 1126 ta mahalla ish boshlagan iqtisodchi hokim yordamchilari ishga layoqatli, kasb o‘rganish, tadbirkorlik, dehqonchilik qilish istagidagi fuqarolarni xatlovdan o‘tkazishdi. Natijada qariyb 139 ming nafar ishsiz fuqaro turli darajadagi ish bilan band etildi, 20713 nafar tadbirkorlik istagidagi fuqaroga 481,2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, ishlab chiqarish uskunalari bilan ta’minlandi. Lekin tajribali iqtisodchilarning fikricha qarzga ish boshlagan tadbirkor faqat qarzini to‘lash haqida o‘ylaydi, xolos. Bor imkoniyatdan foydalanib, kerak bo‘lganda bankdan kredit olmasdan, hattoki, sarmoyadorni sherik qilgan tadbirkor ko‘proq va yaxshiroq mahsulot chiqarish orqali bozorda o‘z o‘rnini topishga intiladi.Dunyo milliarderlarining boyish tarixiga nazar solsangiz ular bankdan kredit olishdan ko‘ra o‘z kompaniyalari aksiyalarini IPO va SPO orqali sotish bilan zarur sarmoya to‘plaganiga guvoh bo‘lamiz. Bunga elektron savdo platformasi bo‘lgan “Alibaba” kompaniyasi asoschisi, xitoylik Jek Mani misol keltirish mumkin. U bankdan kredit olishdan ko‘ra kompaniyasi aksiyalarini Nyu-York fond birjasida sotish orqali milliarderga aylangan.
Iqtisodchi hokim yordamchilari ham xomashyo yetishtiruvchilarni bozorga tayyor mahsulot chiqarish, kichik korxonalarni kengaytirishga o‘rgatishsa, kutilgan natijaga tezroq erishish mumkin bo‘ladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.