Nega oilaviy ajrimlar kundan-kun oshib bormoqda? Ajrim hukmi 500 dollarga chiqqani rostmi?
Aliment – bolalar huquqi uchun qonunchilik himoyasi emas, da’vogar uchun manfaat, javobgar uchun azob bo‘lmoqda. Oilaviy ajrimlarning ko‘payishi - jamiyat intihosi, millat fojiasidir. Nega oilaviy ajrimlar kundan-kun oshib bormoqda, otalikni belgilash muammolari, yolg‘iz onalar soni ko‘paymoqda. Kelajagimiz poydevori go‘daklarimiz, o‘spirinlarimiz ayni tarbiya olar chog‘ida tarbiyachisiz, enagalar ko‘lida qolmoqda?
Sabab: Globallashuv davri, axborot asri, internet, ijtimoiy tarmoqlar rivoji, ommaviy madaniyatning shafqatsiz xuruji, bunga qo‘shimcha ravishda mahalliy matbuotlarimizda, ayniqsa, telekanallarimizda kundalik hayotimiz forovonligini bir tomonlama o‘ta bo‘rttirib reklama qilinayotganligi, masalan: go‘zal hayot, farovon turmush, “obod qishloq”, “obod mahalla”, “olamshumul “siti”lar” qurilishi reklamalari aholining yashashga ehtirosini, orzu havasini shu qadar oshirmoqdaki, bunday hayotga erishish, ayniqsa, namunali uylar, arzonlashtirilgan uylar, kottejlar, yoshlar uyi, harbiylarga uylar, qolaversa, ularning bepul, tekin berilayotganligi to‘g‘risidagi mehr-saxovatga to‘la eshittirishlar matbuot monopoliyasi darajasiga chiqdi.
Ammo, afsuski, bunday shohona hayotga erishish uchun orzuning o‘zi yetmaydi. Buning uchun oilaviy mablag‘ kerak, oila a’zolarining mablag‘ topish manbai – ishchi o‘rinlari kerak. Ishlay desa ish yo‘q, uy olay desa pul yo‘q. Oilaviy tadbirkor bo‘lish, o‘ziga o‘zi ish joyi yaratish jamiyatimiz fuqarolarining deyarli aksariyat qismining qo‘lidan kelavermaydi, bu ularning aybi yoki kamchiligi ham emas.
Tomorqadan topganiga tirikchiligi o‘tishi mumkin, orzu-havasga hech nima qolmaydi. Ijobiy ma’nodagi ana shunday orzu-havaslar sababli, oilalarimizdagi yetishmovchiliklardan kelishmovchiliklar kelib chiqmoqda. Natijada oilaning eng uddaburro a’zolari, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ermi, xotinmi, o‘g‘ilmi, qizmi pul topish uchun xorijga chiqib ketmoqdalar. Aksariyat oilalarning buzilib ketishiga asosan ana shu fakt sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, biz ushbu muammolarni bartaraf qilish uchun qanday choralar ko‘ryapmiz? Minglab savollarga javob izlaymiz va yana o‘sha bitta javobni topamiz – ishsizlikni tugatish!
OQIBAT: Alqissa, oilaviy ajrimlarni bartaraf etish borasida “Oila instituti”ga tegishli barcha tashkilotlar, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla instituti mutasaddilari, mutaxassislarining kechayu-kunduz yelib-yugurishlari samara bermayapti, jamoatchilik vakillarining nasihatlari bir pul. Men bu fikrlarimni barcha oilalarga nisbatan aytganim yo‘q, agar ular umumiy oilalar sonining o‘n foizini tashkil etgan taqdirda ham bu biz uchun fojia, bir foizi ham, bir donasi ham ko‘plik qiladi. Fuqarolik sudlari ajrimlarni kamaytirish, er-xotinni yarashtirish maqsadida nikohni bekor qilish da’vo arizalarini hal qilishni yillab cho‘zmokdalar. Natijada yigitlarimiz noqonuniy uylanishga, mahalla-kuydan yashirinib nikoh o‘kitishga majbur bo‘lmoqda. Biz ularni ko‘r-ko‘rona ta’qibga olyapmiz, muqaddas Qur’on oyatlarini, imomlarimizni tahqirlayapmiz, jarimaga tortayapmiz, baribir natija bo‘lmayapti. Nima uchun? Yana minglab savollarga javob izlaymiz, javob – oilani ish bilan ta’minlash, “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturini to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash!
”Oila” markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, doktorlik ishlarini aytmaysizmi, barchasi oilaning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ajrimlarni oldini olishga bag‘ishlanmoqda. Tadbirlar, seminarlar, quriltoylar, namunali oila tanlovlari va hokazo... Nazarimda, oila va xotin-qizlar masalasidagi butun bir tizim o‘z qobig‘iga o‘zi o‘ralashib qolgandek, vaqtimiz tadbirlardan, taqdirlashdan ortmaydi. Hujjat ishlarini aytmaysizmi, aslida, ish reja va choraklik, yillik hisobotlar taqdim etilishi yetarli emasdek, unga qo‘shimcha har bir muammoni, uchrashuv va suhbatni bayonlashtirish, suratini ilova qilish, ayniqsa, yog‘ilib kelayotgan “portal” xatlari, xizmat tekshiruvlari, kamiga ijtimoiy tarmoqlar xabarlariga javob berish, xullas, faoliyatni amalda ko‘rsatishdan ko‘ra, qog‘ozda ko‘rsatish mashaqqat bo‘lmoqda. Qog‘ozbozlikning avj olishi – bu ishonchsizlik, ko‘zbo‘yamachilikning belgisidir va xodimlarning asosiy ish vaqti yuqoriga chiroyli xabar tayyorlash, qog‘ozbozlik bilan o‘tmoqda. Ish faoliyatimdan kelib chiqib mulohaza qilamanki, hanuzgacha aholi ichiga chuqur kirib borolganimiz yo‘q, oilalarga, ayniqsa, notinch, noimkon oilalarga muammo yuz bergach yetib bormoqdamiz. 5-10 minglab aholi yashayotgan mahallada to‘rtta xodim va bitta mutaxassis ishlaydi, joriy yilda sektor xodimlari mahallaning tezkor yordamchisiga aylandi, uyma-uy yurish, xonadonma-xonadon muammolarni aniqlash rasmiylashtirilgan so‘rovnomalar asosida birma-bir ko‘rib chiqildi. Muammoni qanday usulda, kim tomonidan o‘rganilishidan qat’iy nazar, oilaviy muammolar baribir moddiy mablag‘ga borib taqalmoqda. So‘rovnomalardagi muammolarning asosiy qismi ishsizlik muammosi! Xalqimiz mehnatkash xalq, ish bo‘lsa 24 soat ishlaydi, pul topadi, uyni qarzga emas, davlatdan o‘z puliga sotib oladi, uyini o‘zi ta’mirlaydi, bolasini o‘zi boqadi. Xorijda mute bo‘lib ishlagandan ko‘ra, oilasining bag‘rida g‘oz bo‘lib ishlaganiga nima yetsin, solig‘i vatanga, foydasi o‘ziga beminnat yashash qanday yaxshi. Bu gaplarni bugungi kunda qishloqlardagi aholimiz yaxshi tushunadi, ammo, na iloj, kun ko‘rishdan tashqari orzu-havas bor. Muammo – muammoni tug‘averadi... Yana ish... ish...?!
Shuning uchun farovon hayotni targ‘ib qiluvchi, xo‘jako‘rsinga har kun o‘tkaziladigan majlislar, tadbirlar, ayniqsa mablag‘ talab qiladigan tanlovlar, unvonlar keskin qisqartirilmog‘i lozim deb hisoblayman. Oilalar bilan rasmiyatchiliksiz, hisobot uchun emas, sun’iy, teatr ko‘rinishdagi suratlarga tushirmasdan, jonli, tabiiy suhbatlar, uchrashuvlar utkazish, xamkorlikda joyning o‘zida muammolarning yechimlarini topmoq lozim.
NATIJA: Ba’zan, barcha fikrlarimning aksini o‘ylayman: Agar oilaviy muammolarga oid butun bir tizim, bosh vazir o‘rinbosaridan boshlab, mahalla mutaxassisigacha bo‘lgan gender halqasi, xotin-qizlar tashkiloti bo‘lmasa-chi, ushbu oilaviy munosabatlaridan norozi kimsalar kimga suyanadilar, qaysi eshikka boradilar erini, xotinini, yoki, kelini, kuyovini kimga yomonlaydilar? Axir, ota-bobolarimiz oilasining muqaddasligini, mustahkamligini saqlab qolish uchun tanlovlar, musobaqalar o‘tkazmaganlar-ku, “namunali oila” degan rasmiy yorliqlari bo‘lmagan. Oila sirlarini, ayblarini ichkarida tuzatib, yutuqlarini farzandlariga, shogirdlariga o‘rgatganlar. Faqatgina jinoyatchilarni podsholarga, qozilarga olib borganlar, oilaviy muammolarning yechimini adolat tarozisida, muqaddas Qur’on oyatlari asosida oila boshliqlari, oqsoqollar hal etishgan. Chunki, har qanday holda ham oilaning ahvoliga oila a’zolarining rahmi keladi, qarindoshlarning ichi kuyadi va ular adolatli yechim topa oladilar, mahalla, “uchastkavoy”, yoki sud emas. Bugunchi, istibdod yillaridan boshlab yuz yillar davomida gender tengligi uchun kurash deb, ayollarimizga ko‘proq “dars” berib, o‘qitib ko‘ydik shekilli, ajrim uchun ariza berayotganlarning asosiy qismini ayollar tashkil etmoqda. Birgina fuqarolik sudlarida emas, jinoyatchilik sudlarida ham oilaviy muammolar ko‘rib chiqilmoqda. Ayollarimiz eriga, oila a’zolariga, qarindosh-urug‘lariga emas, davlat organlariga ishonib, suyanib qoldilar. Oilada adolatni faqat er va xotin, so‘ng qarindoshlar doimiy o‘rnata oladilar, boshqa kuchlarning ta’siri vaqtinchalik, bu asrlab qonimizga singib ketgan milliy mentalitetimizning temir qonuni.
Ikki oilani bir-biriga namuna qilish, ko‘pchilik oilalarni kamsitilishiga olib kelmoqda. Ibrat, tarbiya olish, havas qilish uchun telekanallarimizdagi ijtimoiy-maishiy ko‘rsatuvlarning o‘zi yetarli.
Oiladagi zo‘ravonliklarga qarshi kurash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish choralarini belgilaganimiz sari yana muammolar kelib chiqmoqda. Kelinlarimiz arazlab er uyidan chiqsa, ota uyiga borardilar, hozir ularga “qulaylik” yaratish uchun har bir tumanda ijtimoiy moslashuv uylari tashkil etildi. Respublikamizda 165 ta ijtimoiy moslashuv markazlari tashkil etilib, ularga yil davomida 5.468 nafar xotin-qizlar murojaat etgan. Demak, uysiz qolgan, quvilgan, yordamga muhtoj ayollar bolalari bilan ushbu uylarda yashab turadilar, alimentlarini oladilar, ularning bolalarini bog‘chaga, o‘zlarini ishga joylash lozim, toki uy bilan ta’minlanmasa yoki eri bilan yarashmasa ularni bu uydan hech kim chiqara olmaydi, uy uchun navbatda turganlarni so‘ramasangiz ham bo‘ladi.
Keling, shu muammolarni hal etish uchun o‘z fikrlarimizni beraylik. Kamchiliklarni ro‘kach qilib, rahbarlarni, tashkilotlarni, tizimni, hukumatni ayblashdan oldin, biz ham shu vatanning fuqarosi ekanimizni unutmasligimiz lozim.
So‘nggi xulosamiz: Jamiyatimizning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarimizda bir-biriga bog‘liq bo‘lgan ikkita muammo paydo bo‘ldi: ishsizlik va ajrimlar. Barchamizga ma’lumki, jamiyatimizning quyi bo‘g‘inidagi ushbu muammolar bartaraf etilmas ekan, yuqori va bosh bo‘g‘inning mustahkamligi barqaror bo‘lolmaydi. Ishsizlikni tugatish, fuqarolarimizni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash borasida hukumatimiz tegishli barcha tadbirlarni amalga oshirmoqda. Oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha, aliment belgilashning qonuniy tomonlari bir bor o‘rganilib chiqib, tegishli chora va tadbirlar ko‘rilsa maqsadga muvofiqdir.
TAKLIF: Agar, er-xotin orasida kelishmovchilik kelib chiqib, bir tomon ajrimga ariza bersa, dastlab, uch oylik sinov muddati va muvaqqat aliment belgilanadi. Ikkala tomonning kelishuvi, yarashuvi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan tushuntirish ishlari olib borish uchun uch oy yetarli vaqt deb hisoblaymiz. Agar bu davrda ham ma’lum kelishmovchiliklar yuz bersa, so‘nggi marta uch oylik muddat belgilanib, muvaqqat aliment to‘lovi saqlanib qoladi. Er-xotinning birga yashamaganligi uchun olti oylik sinov muddati diniy va dunyoviy nuqtai nazardan ham eng ma’qul oraliq. Olti oylik sinovdan so‘ng, agar er-xotin bir-birlari bilan yoki bir tomon birga yashashni istamasa, boshqa oila qurishlari uchun izn berishlari, nikohlarining rasman bekor qilinishiga rozi bo‘lishlari shart va joiz. Qonuniy ravishda ajrim arizalarining sinov muddatini qat’iy belgilash er-xotinning, ayniqsa, ota-onalar, quda-andalarning hushyorligini oshiradi, mas’uliyat hissini yuklaydi, yillab cho‘zilayotgan ajrimlar oraliqlarida yuz berayotgan noxush janjallarning, noaxloqiy voqealarning oldi olinadi. Shar’iy nikoh o‘qitish, otalikni belgilash, qolaversa, yolg‘iz onalar ko‘payishining oldini olish, bartaraf etilishiga imkon tug‘iladi. Ushbu taklifning yana bir yechimi borki, fuqarolik sudlarida er-xotin kelisholmasdan, turli xil sabablar natijasida ajrimning yillab cho‘zilishi va bundan bezor bo‘lgach, bir tomonning sudyaga “iltimos” qilishi, ajrimlarning nolegal ta’qiqlanishi oqibatida keyingi yillarda fuqarolik sudlarida ajrimlarning “narxi” keskin oshib ketdi. Bitta ajrim hukmini chiqarish uchun da’vogardan eng kami 500 dollar pora so‘ralganligining guvohiman. Demak, ajrim muddatining qat’iy belgilanishi korrupsiyaning ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlarini bartaraf etishga zamin yaratiladi.
Hurmatli ayollar, ajrim va aliment bilan eringizni qo‘rqitib, oilangizni hech qachon mustahkamlay olmaysiz. Aliment puli bilan bolangizni boqolmaysiz, tarbiya qilolmaysiz. Siz uchun eng savobli ish – har qanday sharoitda oilangizni saqlab qolish, tinch-totuv yashash. Hech qachon bolangizni o‘zganing qo‘liga tashlab, pul topish uchun oilangizdan chiqib ketmang. Ertaga bolangiz ham pul topish uchun sizni tashlab, oilangizdan chiqib ketadi. Ajrashgan eringizning 500 ming so‘m aliment pulidan ko‘ra, uning har kun uyingizga olib kelgan beshta nonida baraka bor. Yashasin oilamiz! Yo‘qolsin aliment!
Oygul Mamatova, Yozuvchilar Uyushmasining a’zosi,
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari
faoliyatini muvofiqlashtirish Oqdaryo tuman
kengashi raisining diniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.