Nega “svet” o‘chyapti?

Kutilganidek, kuz-qish mavsumining boshlanishi va dastlabki yog‘ingarchiliklar munosabati bilan ushbu sohaga mas’ul shaxslar tomonidan tizim mavsumga to‘liq tayyor ekanligi haqida bir necha bor bayonot berilganiga qaramay, hududlarda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashda uzilishlar keskin ko‘paydi.

Jomboy tumanidagi Polvonariq, Qo‘lbosti, Naymantepa, Juriyat, Sarichashma, Sherqo‘rg‘on mahallalarining 10 mingdan ortiq aholisi elektr ta’minoti tizimidagi uzilishlardan eng ko‘p jabr ko‘rmoqda.

Masalan, 24-26 oktyabr kunlari Naymantepa aholi punktlarida soat 19:00 dan 20:30 gacha elektr ta’minoti tizimida uzilishlar yuzaga kelgan bo‘lsa, 27 oktyabrdan 28 oktyabrga o‘tar kechasi noma’lum sabablarga ko‘ra, bu yerda “svet” butunlay o‘chirilgan.

"Qo‘lchiroq va sham yorug‘ida ishlayapmiz ..."

– Shu kunlarda fonus, qo‘lchiroq va sham yorug‘ida ishlashga, bemorlarni davolashga majbur bo‘ldim, – deydi “Naymantepa” qishloq vrachlik punkti pediatri To‘lliboy Hamroyev. – Bu holat sabablarini bilish uchun “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tuman filiali dispetcheriga bir necha bor murojaat qildik, ammo aniq bir javob olmadik.

– Elektr ta’minotidagi uzilishlar natijasida yaqin atrofdagi do‘konlarida bitta shamning narxi 3 ming so‘mdan 5 ming so‘mga ko‘tarildi, – deydi uy bekasi Nargiza Xolmurodova.

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati Jomboy tuman filiali rahbari Ixtiyor Himmatov bilan bog‘landik.

- Ha, biz bu uzilishlardan xabardormiz, ammo bu holatning aniq sababini hali bilmayman, - dedi u. – Tumandagi yuqorida qayd etilgan fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi barcha iste’molchilar 35-liniya orqali elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Bu liniya bizlarga bo‘ysunmaydi. U viloyat yoki Toshkentdan boshqariladi. Lekin ular odatda bu liniyani behuda o‘chirmaydilar, ehtimol jiddiy sabablari bordir. Hozirda biz buni aniqlayapmiz.

Elektr uzilishlari qancha davom etishi, nega bu haqda iste’molchilarga oldindan xabar berilmagani haqidagi savollarimizga esa javob topilmadi.

Ogohlantirishsiz o‘chirishadi…

Payariq tumanidagi Eshimoqsoq, Oqqo‘rg‘on, Sorisuv, Maniobod mahallalari aholisi ham xuddi shunday vaziyatga duch keldi.

- Bir oy oldin qarzdorlik tufayli uyimizdagi hisoblagich o‘chib qolgandi, – deydi Eshimoqsoq mahallasida yashovchi Salohiddin Jo‘rayev. - To‘lovni amalga oshirgach, ikki kundan so‘ng chiroqni yoqishdi. Keyin menga oldindan ogohlantirmasdan iste’molchining chirog‘ini o‘chirishga hech kimning haqqi yo‘qligini aytishdi. Lekin shu kecha-kunduzda hech qanday ogohlantirishsiz, har kuni hohlagan vaqtida chiroqni o‘chirishyapti-ku.

Yaroqsiz transformatorlar...

Ism-familiyasini aytishni istamagan mulozimning so‘zlariga qaraganda, tizimdagi uzilishning asosiy sabablaridan biri - uzoq vaqtdan beri rekonstruksiyaga muhtoj bo‘lgan elektr tarmoqlari va transformator punktlarining eskirganligidir.

Qolaversa, ko‘plab qishloqlarda elektr uzatish tarmoqlari daraxtlar orasida qolib ketgan, odamlar o‘zlari ekkan daraxtlar elektr simlariga tegib turgan bo‘lsa-da kesib tashlamaydi. Bu ham elektr energiyasidagi uzilishlar va transformatorlarning muddatidan oldin ishdan chiqishiga olib keladi.

Mutaxassislarning aytishicha, tizimning asosiy muammosi shundaki, biz eskirgan liniya va transformatorlarni yangilariga almashtirmasdan, hamma joyda yangi elektron hisoblagich o‘rnatdik. Eskirgan elektr tarmoqlari esa ushbu zamonaviy texnologiyalarga mos emas. Yomg‘ir yoki shamol natijasida tarmoqlar ishdan chiqadi va elektr uziladi. Sovuq kunlarda esa eski transformatorlar haddan tashqari kuchlanish va zo‘riqishdan yonib ketyapti. Jomboy tumani Naymantepa mahallasi Turkman va Qozon qishloqlaridagi transformatorlar bilan xuddi shunday holat sodir bo‘ldi. Oktyabr oyida kuchli yog‘ingarchilik natijasida har ikkala transformator birin-ketin yonib ketdi.

"Transformatorni o‘zimiz o‘rnatayapmiz"
Ayrim mahallalar aholisi bugun “hududiy dasturlar” amalga oshirilishidan umidini uzib, o‘z mablag‘lari hisobiga ustunlar o‘rnatishga, hatto yirik transformatorlar xarid qilishga kirishdi.
– Qishloqdoshlarimiz bilan maslahatlashib, o‘tgan yili transformator sotib olib, o‘rnatdik, buning uchun 50 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi, – deydi Jomboy tumanidagi Turkman-2 qishlog‘ida yashovchi G‘aybulla Boyzoqov. – Xorijda ishlab yurgan yurtdoshlarimiz katta yordam berishdi. Mana endi, nihoyat, bizning uylarimizda ham svet o‘chmaydigan bo‘ldi.

Yormamat RUSTAMOV.