“Neksiya-3” jarima maydonchasiga qo‘yilgach, MChJdan qarzdorlik undirildi

Majburiy ijro byurosi Urgut tuman bo‘limi ish yurituviga Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudining qarzdor “Dilchiroq servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan davlat foydasiga 52 million 100 ming so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushdi.

Shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror chiqarilib, qarzdorga 15 kunlik ixtiyoriy muddat berildi.

Biroq, belgilangan ixtiyoriy muddatda qarzdor ushbu soliq qarzini to‘lab bermadi. Shu sababli unga tegishli bo‘lgan “Neksiya-3” rusumli avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilindi va mashina topilib, jarima maydonchasiga qo‘yildi.

Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorlik to‘liq undirilib,  xatlangan avtotransport vositasi egasiga qaytarildi, deb xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi Urgut tuman bo‘limi.