“NEXIA-3” Samarqandda qoldi
Bugun Samarqand shahrida o‘tkazilgan milliy kurash bo‘yicha musobaqalar yakuniga yetdi.
Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bellashuvlarda yurtimizning turli hududlaridan kelgan 100 nafarga yaqin nomdor kurashchilar uch vazn toifasida o‘zaro bellashdi.
Qiziqarli va jo‘shqin kurashlarga boy musobaqada samarqandlik polvonlar yuksak mahorat ko‘rsatdi.
Natijada 73 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar orasida pastdarg‘omlik Muhriddin Qurbonov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, televizor va 2 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
90 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida esa qo‘shrabotlik Muhammadali Shamsiddinov barcha raqiblarini yengib, muzlatkich va 2 million so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning bosh sovrini – “NEXIA-3” avtomashinasi uchun 90 kilogrammdan ortiq vazn toifasida finalda Samarqand kurash maktabi vakillari Bekzod Karimov va Muhammadkarim Xurramov o‘zaro bel olishdi.
Tomoshabinlarning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi ostida kechgan kurashda Muhammadkarim Xurramov raqibi ustidan halol g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
– Bugungi musobaqada eng kuchli raqiblarimni yengib, g‘olib bo‘lganimdan juda xursandman, – deydi Muhammadkarim. – Bu yutug‘imda murabbiyim O‘ktam Rahmonovning hissasi katta bo‘ldi. Eng muhimi, bu g‘alaba menga bir haftadan keyin Gruziyaning Tbilisi shahrida o‘tkaziladigan gran-pri turniri oldidan katta kuch bag‘ishladi. Mazkur musobaqa tashkilotchilaridan minnatdorman.
G‘olib polvonga “NEXIA-3” avtomashinasi kalitini Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov topshirdi.
Viloyat hokimi g‘oliblarga sovg‘alarni topshirar ekan, Samarqandda kurashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi va Mustaqillik bayrami arafasida yana bir turnir tashkil etilib, unda uchta bosh sovrin – avtomobil qo‘yilishini ma’lum qildi.
Samarqanddagi kurash musobaqasini O‘zbekiston kurash federatsiyasi vitse-prezidenti K.Yusupov ham kuzatib bordi va sportchilar hamda ularning murabbiylarini mazkur turnir va Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.