Nihoyat, afsonaviy futbolchi Xavi Toshkentga tashrif buyurdi

"Barselona" jamoasining afsonaviy futbolchisi Xavi, nihoyat, Toshkentga keldi.

Ispaniyalik futbolchi ancha oldin, aniqrog‘i, 2008 yilda "Barselona" jamoasida porlab yurganida yurtimizga kelishi kutilgandi. O‘shanda ispaniyalik futbolchi "Barselona"dagi jamoadoshlari Andres Inesta va Karles Puyol bilan birga poytaxtimizda yosh futbolchilarga master-klass o‘tkazishi rejalashtirilgandi. Ammo so‘nggi pallada reja o‘zgarib, Xavining o‘rniga Sesk Fabregas yurtimizga kelgandi.

Xavi 2015 yilda Qatarning "As-Sadd" klubiga o‘tdi. O‘shandan beri ko‘pchilik muxlislar "As-Sadd"ning Osiyo chempionlar ligasi musobaqasi doirasida o‘zbek klublari raqibiga aylanishini va yarim himoyachining O‘zbekistonga kelishini orziqib kutishayotgan edi. Ammo, shu paytgacha buni imkoni bo‘lmadi.

2018 yilda qatarliklar OChLni to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichidan boshlab, "Nasaf" bilan bir guruhdan joy olishdi. Faqat Xavi Qarshidagi o‘yinga tashrif buyurmadi.

Nihoyat, Xavi Toshkentga keldi. O‘zbekistonlik muxlislar ertaga, 9 aprel kuni "Paxtakor" stadionida “Barselona” jamoasining sobiq futbolchisi, afsonaviy Xavining haqiqiysini ko‘rishlari mumkin.