Nima uchun odamlar o‘zlarini aldashadi: qiziqarli faktlar

Garchi suhbatdoshini aldab, o‘z qadr-qimmatini oshirmoqchi yoki boshqa natijalarga erishmoqchi bo‘lgan xatti-harakatlar oqlanmasa-da, odamlarning bir-biriga yolg‘on gapirishi tushunarli holat. Lekin nega ba’zi odamlar o‘zini o‘zi aldaydi?

Xorijlik olimlar nima sababdan odamlar o‘z-o‘zini aldab, boshqalardan yaxshiroq his qilishi mumkinligi mavzusi bo‘yicha tadqiqot olib borishdi.

Tadqiqotlar 90 foiz hollarda universitet o‘qituvchilari va professorlari o‘z ishlarini hamkasblariga qaraganda yaxshiroq bajarishi to‘g‘risida da’vo qilishini ko‘rsatdi.

O‘rta maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda esa respondentlar umumiy sonining taxminan to‘rtdan bir qismi boshqalar bilan munosabatlarini a’lo darajada deb atagan. Ular hatto bu munosabatlar boshqa tengdoshlariga qaraganda yaxshiroq ekanini aytishdi.

Qizig‘i, anonim tarzda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida olimlar to‘g‘ri (rost) javoblarni olishga muvaffaq bo‘lishdi. Ya’ni, savollar qanchalik shaxssiz bo‘lsa, javoblar ham shunchalik samimiy bo‘ldi.

O‘z-o‘zini aldashning sababi

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, ko‘pchilik o‘zining qat’iyatsizligi, zaifroqligi va nomukammalligini tan olishga tayyor emas. Ular o‘z-o‘zini aldash orqali aybdorlik hissi va muammolardan qochish yo‘lini izlashadi.

Bundan tashqari, inson har doim o‘zi qilayotgan ishining to‘g‘riligiga ishonchi komil, biror narsa haqidagi yolg‘on fikr esa ongsiz ravishda shakllanadi, - deya ta’kilaydi ekspertlar.