Nodirbek Abdusattorov Fisher shaxmati bo‘yicha jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l oldi

Islandiyada o‘tayotgan World Fischer Random Chess Championship turnirida qatnashayotgan 18 yoshli hamyurtimiz 12 ta imkoniyatdan 10 ochko jamg‘arib, eng yaxshi natija bilan yarim finalga chiqdi.

Guruh bahslarida Nodirbek shaxmat toji uchun nomzod bo‘lgan Yan Nepomnyashiy bilan 4 marta o‘ynab, to‘rtalasida ham mag‘lub etdi. Nodirbekdan faqatgina Fisher shaxmati bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Uesli So ochko olishga muvaffaq bo‘ldi.

Endi Abdusattorov yarim finalda internet strimlari bilan mashhur shaxmatchi Hikaru Nakamura bilan kuch sinashadi. Narigi juftlikda esa Magnus Karlsen va Yan Nepomnyashiy ikkinchi finalchi nomini aniqlab beradi.

Yarim final bahslari ertaga Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi.

Mazkur turnir g‘oliblariga quyidagi miqdordagi pul mukofotlari beriladi:

1-o‘rin: 150 ming AQSh dollari;
2-o‘rin: 85 ming AQSh dollari;
3-o‘rin: 55 ming AQSh dollari;
4-o‘rin: 40 ming AQSh dollari.