Noto‘g‘ri hisobot berayotgan va daromadini yashirayotganlar faoliyati o‘rganilishi kerak
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi to‘qson uchinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi hamda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Oqbo‘tayevning ma’lum qilishicha, 2023 yil hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 1,3 milliard dollarlik 1642 ta loyihani amalga oshirish orqali 22 341 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan. Joriy yilning o‘tgan davrida dastur doirasida qiymati 1,2 milliard dollarlik 1227 ta loyiha bajarilgan va 15 776 ta yangi ish o‘rni ochilgan. Buning evaziga o‘rtacha 1 trillion so‘mlik qo‘shimcha qiymat yaratilib, soliq bazasini 250 milliard so‘mga kengaytirish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida viloyatda yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi 52,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,8 foizga o‘sishi ta’minlandi. Aholi jon boshiga YaHM hajmi 12,6 million so‘mga yetdi.
Shuningdek, mahalliy byudjet tushumlari 3,5 trillion so‘mni tashkil etib, belgilangan reja 105 foizga bajarilgan.
– Ammo tahlillar natijasida bir qator yuridik korxonalarda tovar aylanmasi va ishchilar sonini yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish holatlari kuzatildi, – dedi O.Oqbo‘tayev. – Joriy yilning 1 oktyabr holatida ro‘yxatdan o‘tgan 56 392 ta yuridik korxonaning 15 592 tasi faoliyat ko‘rsatmayotganligi aniqlandi. Bundan tashqari, 495 ta yuridik korxona tovar aylanish hajmini 2,9 trillion so‘mga kamaytirganligi, 5323 ta korxonada esa hisobotlarda “0” hajm ko‘rsatganligi ma’lum bo‘ldi. Lekin tovar aylanma hajmini “0” ko‘rsatgan korxonalarda jami 40,1 million kVt/s elektr energiyasidan foydalangan. Xuddi shunday, 6979 ta korxonaning bank aylanmasi 2,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, tovar aylanish hajmi “0” ko‘rsatilgan. 6199 ta yuridik korxonada yil boshiga nisbatan ishchilar soni 16 576 nafarga kamaygan, 7 500 ta korxona ishchilar sonini 1 nafardan ko‘rsatgan bo‘lsa, 10 493 ta korxona ishchilar sonini “0” ko‘rsatgan.
Deputatlar mazkur holatlarni keskin qoralab, bu borada nazoratni kuchaytirish, noto‘g‘ri hisobot berayotgan va daromadini yashirayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tegishi idoralarni jalb etgan holda o‘rganish zarurligini ta’kidladilar.
Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i T.Mahmudov o‘z hisobotida bosh boshqarma va uning tuman (shahar) bo‘limlarida “Raqamli mahalla” markazlari tashkil etilgani, mahalla raislarining faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirish maqsadida “Mahalla elektron” platformasi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Shuningdek, “Ijtimoiy mahalla” axborot tizimi joriy etilib, barcha mahallalardagi aholi va tadbirkorlarning mavjud muammo va kamchiliklarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazilgan. Buning natijasi bo‘yicha zarur ma’lumotlar tegishli axborot tizimlariga kiritilgan.
Bugungi kunda viloyatda ish bilan band bo‘lganlar 1 million 631,6 ming nafarni tashkil etadi. Ularning 649 ming nafari norasmiy sektorda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ishsizlar soni 141,2 ming nafar, ishsizlik darajasi 8,7 foiz bo‘lib turibdi. Ishsizlik darajasi Payariq (9,4 foiz), Paxtachi (9,2 foiz) va Ishtixon (9,1 foiz) tumanlarida boshqa hududlarga nisbatan yuqori.
Joriy yilda 30 ming nafar fuqaroni ishga joylashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, yilning 10 oyida 27 ming 454 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar natijasida 1335 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolar bandligiga ko‘maklashildi. Umuman, doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlarining barchasini hisobga olganda 582,2 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. 9,5 ming nafar ishsiz fuqaro 37 ta yo‘nalishda kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitildi.
Mazkur hisobot muhokamasi chog‘ida ish o‘rinlarini yashirayotgan yoki konvert usulida haq to‘layotgan korxonalar va tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga huquqiy baho berish, nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash, bir martalik ish bilan ta’minlash markazlarida fuqarolar uchun qulayliklar yaratish masalalari yuzasidan deputatlar o‘z fikrlari va takliflarini bildirdi.
Sessiyada viloyat hokimining 2023 yil 8 noyabrdagi “Viloyat mahalliy byudjetining 2023 yil I va II chorak daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan foydalanish to‘g‘risida”gi qarorini tasdiqlash, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, viloyatda avtomobil yo‘llari ob’yektlarini qurish va ta’mirlash ishlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.