Nurmat Otabekov: COVID-19 ga chalinganlarning soni ortib ketsa, yana karantin joriy etiladi

➖ O‘zbekistonda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashsa, qanday chora-tadbirlar ko‘riladi? Agar vaziyat yomonlashsa, yana karantinga yopilish ehtimoli haqida aniq ma’lumotni bilish mumkinmi?

Ushbu savolga AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov  javob berdi:

➖ O‘zbekiston hukumati agar COVID-19 qayd etish holatlari yuqori tezlikda oshib boraversa, qat’iy karantin choralariga qaytishga qaror qabul qilishi mumkin.

So‘nggi kunlarda har kuni 600 dan ziyod yangi holatlar qayd etilmoqda. Chunki aholi karantin qoidalariga to‘la rioya etmayapti. Virusning keng tarqalib ketish ehtimoli yuqori. Buning natijasida esa vaziyat og‘irlashishi mumkin. Hukumat esa vaziyatdan kelib chiqib, bir qator cheklovchi choralarni, jumladan, qat’iy karantin joriy qilishga majbur bo‘ladi.

Fikrimcha, bu ikki oy avvalgidek keng ko‘lamli karantin bo‘lmaydi. Biroq epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan turli variantlar bo‘lishi mumkin.

Respublika aholisi muayyan va oddiy majburiyatlar - niqobni to‘g‘ri taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptiklardan foydalanish va qo‘llarni tez-tez yuvish mas’uliyatini unutmasligi kerak.