Nyu-Yorkdan xat: "Buyuklar yelkasidan turib samoni kuzatyapman"
Yoshligimdan Samarqanddek shahri azimga borib ta’lim olishni havas qilar edim. XVIII asrdayoq birinchi qog‘oz fabrikasiga asos solgan Samarqand shahri keyinchalik dunyoning fan-ma’rifat markazi va yer yuzining sayqaliga aylangan buyuk shahar sifatida tanildi.
Tojik maktabida ta’lim olganim bois birinchi fors-tojik she’ri ham aynan sakkizinchi asrda Abulyanbag‘iy Abbos ibn Tarxon tomonidan Samarqand haqida aytilgani bu shahar haqida menda katta taassurot qoldirgan edi. Keyinchalik Rudakiy, Ashrafiy, Suzaniy, Bisotiy, Rashidiydek (X-XII asrlar) buyuk shoirlarni yetishtirib chiqargan Samarqand shahri men uchun muqaddas dargohga aylandi.
XV asrga kelib Mirzo Ulug‘bek rahbarligida Samarqandda birinchi madrasa (universitet) tashkil topdi. Ayniqsa, Jamshid Koshiy, Ali Qushchi hamda Mirzo Ulug‘bek tomonidan tartibga keltirilgan “Ziji Sultoniy” (1437 y) astronomik jadvalida 38 ta osmon burjlarida joylashgan 1018 ta yulduzning astronomik kenglik va uzunliklari koordinatalari juda yuqori aniqlik bilan keltirilganligi Samarqand dunyoda ilm-fan sohasida naqadar ilgarilab ketganligidan shahodat berar edi. Bunday katta aniqlikdagi o‘lchashlarni olib borish uchun albatta buyuk olimlarning handasa sohasidagi erishgan yutuqlari katta bo‘lgan. Jumladan, Jamshid Koshiy 1424 yili aylana uzunligining qutbiga nisbatini verguldan keyingi rekord 16-chi xonagacha aniqlikda topganligini alohida ta’kidlab o‘tishni lozim topaman: π = 3.1415926535897932. Bundan foydalanib esa u bir burchak darajasining sinusini aniqlashga muyassar bo‘ladi. Aytish joizki, bu rekord 172 yildan so‘nggina ovro‘palik olimlar tomonidan yangilanadi.
Ushbu buyuk olimlarning ishlari aynan Samarqand universitetida amalga oshirilgani menga kuchli ilhom bag‘ishlar edi va o‘rta maktabni tugatgach, 1998 yili ushbu dargohning fizika fakultetida tahsil olishga qaror qildim. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, talabalar safidan joy oldim.
Birinchi kunlardayoq talabalarning qobiliyatini sinab, yetti kishidan iborat iqtidorlilar guruhini tashkil etishdi va meni ushbu guruh sardori etib tayinlashdi. To‘rt yil davomida bu dargohning eng kuchli professor-o‘qituvchilari bizlarga zamonaviy fizika, astronomiya, matematika va ximiyadan o‘z bilimlarni berishar, bizlarni ilmiy ish bilan shug‘ullanishimizga undashar va doim qo‘llab-quvvatlashar edi. Bu ustozlarning yo‘llanmasini olib, avval magistratura (Toshkent; Triyest, Italiya), keyinchalik doktorantura (Florida, AQSh) da tahsilni davom ettirdim va fanning dolzarb masalalariga doir ilmiy ishlar bilan shug‘ullandim.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining bir qancha oliygohlarida dars berib va ilmiy ish bilan shug‘ullanar ekanman, Samarqand davlat universitetida olgan bazaviy bilimlarim doim asqotib kelgan. Bu yillar davomida neytron yulduzlari sohasida qilingan ilmiy izlanishlarim 38 ta ilmiy maqolalarda o‘z ifodasini topdi va 50 dan ortiq ilmiy anjumanlar va seminarlarda ma’ruzalar qilib keldim. Shu bilan birga dunyo nazariy fiziklar hamjamiyatida o‘z o‘rnimni egalladim, desam adashmagan bo‘laman. Jumladan, 2017 yili ikki neytron yulduzi juftliklarining to‘qnashuvidan hosil bo‘lgan gravitatsiya to‘lqinlari Yer sharidagi detektorlarda qayd etilgan edi. Bunday to‘lqinlar o‘zlari bilan birga bir qancha fizik ma’lumotlarni ham olib keladi. Men ushbu ma’lumotlardan foydalanib, neytron yulduzi moddasining holat tenglamasi qanday bo‘lishligi haqida ba’zi bir muhim kashfiyotlarni qildim va neytron yulduzlarining radius o‘lchami 14 kilometrdan yuqori bo‘la olmasligini isbotladim. Yangi ilmiy izlanishlar olib borar ekanman va fizika hamda astrofizika sohasida kashfiyotlar qilar ekanman, buyuk fizik olim Isaak Nyutonning bir so‘zi doim yodimga tushadi: "Neki erishmagan bo‘lsak, barchasi buyuklar yelkasidan turib kuzatganimizdandir". Men bugun neki natijalarga erishgan va erishayotgan bo‘lsam, muqaddas dargoh bo‘lmish Samarqand davlat universitetida ishlagan olimlar "yelkasida turganim" va biz bu olimlar vorisi ekanimizdandir.
Farrux Fattoyev,
Nyu-York shahridagi Manxetten
kollej-oliygohi professori.