OAV hamda blogerlar sahifalarida o‘zgalar tomonidan qoldirilayotgan izohlar uchun javobgar bo‘lmaydi

Kecha Komil Allamjonovning taklifiga binoan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bir guruh jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda agentlikning bayonoti muhokama qilindi. Uchrashuv haqida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev quyidagilarni bayon qildi.

Uchrashuvda men ham o‘z fikrimni bildirdim. Fikrimning asosiy xulosalari quyidagicha:

Birinchidan, tuhmat, haqorat va qonunga xilof boshqa mazmundagi materiallarni e’lon qilish mumkin emas, bunga hamma jurnalistlar ham, blogerlar ham birdek qo‘shiladi, hech kim e’tiroz bildirmasa kerak.

Ikkinchidan, OAV hamda blogerlar sahifalarida o‘zgalar tomonidan qoldirilayotgan izohlar uchun javobgar bo‘lmaydi. Bu qonunchilikda ko‘rsatilmagan. Hamma o‘zining aytgan gapi uchun javob beradi.

Uchinchidan, agar agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki oddiy fuqarolar tomonidan terrorizm, diniy ekstremizm, milliy, etnik separatizm, haqorat yoki tuhmat va h.k. izohlar qoldirilgani haqida OAV hamda blogerlar rasman ogohlantirilsa, bunday taqdirda ushbu izohlar o‘chirilishi kerak.

To‘rtinchidan, rasmiy ogohlantirish berilgandan keyin ham OAV yoki blogerlar o‘sha izohlarni ko‘ra bila turib o‘chirmagan bo‘lsa, ana shundagina tegishli chora ko‘rilishi mumkin.

Beshinchidan, izohlarning qoldirilgan muddati muhim emas, ogohlantirishning berilgan muddati muhim. Masalan, ogohlantirish bugun kelganu, aslida o‘sha terrorizmga oid izoh 1 yil oldin qoldirilgan bo‘lsa, unda OAV yoki blogerlarga “nima uchun 1 yildan buyon o‘chirmading” deya zug‘um qilish mumkin emas. Ogohlantirish bugun kelganmi, demak ana shu sanadan boshlab hisoblanadi;

Oltinchidan, OAV hamda blogerlar ogohlantirish kelganda barcha izohlarni o‘chirishga majbur emas. Agar ular ko‘rsatilgan izohda qonunga xilof ma’lumot bor deb hisoblamasa, unda rad qilishi ham mumkin. Bunday vaziyatda ish sudda ko‘rib chiqiladi. Faqat sudning qarori majburiy xarakterga ega. Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, agar sud o‘sha izohni qonunga xilof va jinoyat deb topsa, unda OAV yoki blogerlar jinoyatni o‘z vaqtida bartaraf etmaganligi sababli, birgalikda javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Tavakkal qilishdan oldin yaxshilab o‘ylash kerak.

Yettinchidan, OAV yoki blogerlarga kiritilgan ogohlantirishlar soni salbiy xulosa uchun asos bo‘lmaydi. Masalan, yil davomida qonunga xilof izohlarni o‘chirishni so‘rab, «KunUz»ga 800 ta, «DaryoUz»ga 500 ta, «GazetaUz»ga 100 ta ogohlantirish kiritilgan bo‘lsa, bu raqamlar nashrlarning yaxshi yoki yomonligini anglatmaydi, shunchaki bu mushtariylar soni va faolligiga bog‘liq xolos.

Sakkizinchidan, qonunga xilof izohlarni o‘chirishdan bosh tortgan OAV yoki blogerlarning statistikasigina salbiylik sifatida baholanishi mumkin. Misol uchun, kiritilgan 100 ta ogohlantirishning 40 tasini bajarishdan bosh tortdi, shundan 38 tasida sudda yutqazdi. Demak, 38 ta holatda ogohlantirishlarni asossiz rad qilib, jinoyatga zamin yaratgan, deyilsagina o‘sha OAV yoki bloger faoliyatiga salbiy baho sifatida qarash mumkin.

To‘qqizinchidan, iltimos, hurmatli mushtariylar, izohlar qoldirayotganda Sizlar ham mas’uliyatni his qilib, o‘zgalarning sha’ni va qadr-qimmatini ochiq-oydin buzadigan, tuhmatga moyil fikrlar qoldirmasangiz. Ammo bu - aslo so‘z erkinligini bo‘g‘ish emas, qonun doirasidagi har qanday tanqidiy va tahliliy fikrlaringizni doimo qo‘llab-quvvatlayman, deyiladi xabarda.