Ochiqlik va oshkoralik nafaqat OAV, balki jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi
Matbuot — ijtimoiy hodisa. Buning ma’nosi shuki, u inson ma’naviyati shakllanishiga, fikr va dunyoqarashi yuksalishiga xizmat qiladi.
Inson tashqi ko‘rinishidagi qusurlarni oynaga qarab to‘g‘rilagani kabi jamiyat ham o‘zidagi muammo hamda kamchiliklarni ommaviy axborot vositalarida ko‘rib, ularni bartaraf etib boradi. Shu ma’noda, matbuot jamiyat ko‘zgusi, adolat va haqiqat jarchisi, ma’rifat targ‘ibotchisidir.
Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonning yangi qiyofasi shakllantirilar ekan, demokratiyaning qon tomiri bo‘lgan so‘z hamda matbuot erkinligini ta’minlash yo‘lida ham salmoqli qadamlar tashlanmoqda.
Bugun jurnalistga o‘z mahorat va salohiyatini, jasoratini namoyon etishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Har bir insonning yangilik tarqatish, erkin so‘z aytish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Istagan kishi gazeta, jurnal, telestudiya, radiokanal, sayt ochishi mumkin. Davlat nafaqat davlat muassisligidagi, balki nodavlat OAVni ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Parlament huzuridagi Jamoat fondi tanlovlarida istagan jurnalist va OAV vakillari qatnashib, grant yutib olish imkoniyatiga ega. Ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash yo‘lidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Zero, so‘z erkinligi faqat OAVgagina emas, avvalo, davlatning o‘zi uchun zarur va foydalidir. Chunki ochiqlik, oshkoralik bor joyda taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiya, tamagirlik, turli jinoyatchilik, qonunbuzilish holatlariga qarshi kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyati yuzaga keladi.
Shu ma’noda, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga doir ko‘plab hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentimiz deyarli hamma uchrashuv va yig‘ilishlarda ommaviy axborot vositalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayta-qayta ta’kidlayotir. Rahbarlar faoliyatiga jamoatchilik bilan qanchalik muloqot o‘rnatgani, matbuot sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan maqolalar, tanqidiy fikrlarga nechog‘li munosabat bildirayotganiga qarab baho berilmoqda. Faoliyati tanqid ostiga olingan har qanday mansabdorga tegishli choralar ko‘rilayotganini esa hayotda barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.
Yurtboshimizning bu boradagi tashabbus va ibratini nafaqat xalqimiz, balki xorijlik ekspertlar ham e’tirof etishyapti. Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida mamlakatdagi ahvol ochiq-oydin tahlil qilinishi, eng og‘riqli muammolar tan olinib, ularni bartaraf qilish yo‘llari ko‘rsatib berilishi barchamizni o‘z taqdirimizga, yurt taqdiriga befarq bo‘lmaslikka undamoqda. Davlat rahbarining odamlar huzuriga borishi, ochiq muloqotlari aholida o‘z ko‘nglidagi gaplarini ayta olishga ko‘nikma uyg‘otmoqda. Bu ham jamiyatda oshkoralik muhitini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Haqiqatan ham, inson erkin gapirishi uchun erkin yashashi lozim. Erkin yashashning sharti Vatan ichida Vatanga, oilaga, muqim ish joyiga ega bo‘lish, iqtidoriga munosib rag‘bat ko‘rish, farzandlar taqdiridan ko‘ngil to‘qligidir. Binobarin, “Yangi O‘zbekiston!” shiori ostida keyingi uch yilda qabul qilingan qonun, qaror va farmonlar mazmun-mohiyati ana shu maqsadga qaratilgan. Aholining ro‘yxatga olish tizimi soddalashtirilgani, yetimlar, boquvchisini yo‘qotganlarga, ko‘p bolali oilalarga arzon uy-joylar berilishi, bandlik bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi, xususiy mulk bo‘yicha o‘zgarishlar — bularning barchasi bizda jamiyat ovozining hisobga olinishi natijasi, deb bilamiz.
Quvonarlisi, bugun ko‘plab rahbarlar jurnalistlar, blogerlar chiqishlari, fuqarolar murojaati bilan hisoblashishmoqda. Bu jarayonning muntazam va izchil monitoringi ham shakllanyapti.
Bugun qalam ahliga ijro hokimiyati idoralarining deyarli barcha yig‘ilish hamda anjumanlarida ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Ko‘p tadbirlar televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilyapti. Garchi hali o‘z vazifasini biz kutganchalik olib bormayotgan bo‘lsa-da, ijro hokimiyati idoralarida axborot xizmati joriy etilishi ham mamlakatda axborot muhiti rang-barangligini ta’minlayotir.
Darhaqiqat, so‘z erkinligi jamiyat uchun katta ehtiyoj. Ammo shuni unutmaslik lozimki, jurnalistika, oshkoralik va so‘z erkinligi muayyan bir ijtimoiy guruh taklifi yoki talabi bilan o‘zgarib qolmaydi. Hali dunyoda bu tushuncha hamda me’yorlarning mukammal etaloni yaratilgan emas va buning iloji ham yo‘q. Har bir davlat taraqqiyotining turli bosqichlarida uning siyosati, jamiyatdagi jarayon haqida turlicha fikrlar bildirilishi tabiiy. Har bir ijodiy jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan vazifa doirasida faoliyat yuritadi. Muhimi, aytilayotgan so‘z uchun mas’ullik hissini unutmaslik, axborotni qonun doirasida tarqatishdir. Ommaviy axborot vositalari aholida ijtimoiy fikr uyg‘otishi barobarida, odamlarda o‘z taqdiriga mas’uliyat hissini tarbiyalamog‘i ham lozim.
Agar jamiyatimizga teran ko‘z bilan, qiyosiy nuqtai nazar bilan qarasak, keyingi yillardagi inqilobiy islohotlar ma’naviyatimizda, ruhiyatimizda, yurt taqdiriga munosabatimizda katta o‘zgarishlar yasadi. Oddiy misol, bundan bir necha yilgina ilgari shaxsiy mulkimizni kafolatli himoya qila olardikmi? Bugun esa shaxsiy mulkka daxl qilgan shaxs, kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi. Bunday holatlarni televideniyeda ham, radioda ham, gazetada ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham yorityapmiz. Bu borada qonunni mensimaganlarni oshkor aytyapmiz.
Matbuotchi bo‘lganim uchun komil ishonch bilan ayta olamanki, nashrlarimiz qisqa fursatda o‘z mundarijasi hamda ish uslubini o‘zgartira oldi va bu ish davom etyapti, ular o‘rtasida raqobat paydo bo‘ldi. Har bir jamiyat doimo “shov-shuv”ga talabgor bo‘ladi, ammo matbuot odamlarga ma’rifat ulashish, ularni voqea-hodisalarning tub mohiyatidan voqif etish, yaxshi yashashga undash borasidagi ezgu qadriyatlaridan, o‘z yo‘lidan chetlashgani yo‘q.
Karantin sharoiti bizga juda muhim haqiqatni amalda ko‘rsatdi: rivojlanishning, ko‘zlangan maqsad-muddaolarga erishishning eng asosiy omili xalqning ichki intizomi, jipsligi va yaxshi fazilatlari ekan. Aynan ana shu holatlar yetishmaganligi bois ayrim baquvvat davlatlar ham koronavirusdan ko‘p zarar ko‘rdi. Umumiy fikr parokandaligi ularni bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga yo‘l qo‘ymadi. Oqibatda tibbiyot qanchalik taraqqiy etgan, tibbiy madaniyat nechog‘li yuksak bo‘lmasin, kasallanganlar soni va o‘lim ko‘rsatkichi nihoyatda oshib ketdi. Demak, garchi so‘z erkinligi dunyoviy shior bo‘lsa ham, bu jarayon har bir davlatda xalq mentalitetidan kelib chiqqan holda amalga oshadi.
Jurnalistika bugun, erta marraga intiladigan marafon emas, u jamiyatning ichida yashaydi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, hali sohamiz bugun aholi kutgan darajada emas. Sohadagi muammolarga ilmiy tahlil orqali yondashib, har bir ijodiy jamoaning jangovarligini, kasb mahoratini oshirish, tizimda korporativ hamkorlik va ijodiy raqobatni yanada rivojlantirish vazifasi turibdi. Teleradio vositalarining sifatli material uzatishi uchun texnologiyalarning yanada zamonaviylashtirilishi, matbuot nashrlarini o‘quvchilarga yetkazish tizimining izchil takomillashtirib borilishi soha ravnaqini yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishi, shubhasiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili kasb bayramimiz munosabati bilan tabrigida “Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak”, degan edi. Nazarimda, davlat rahbari bu fikrida jamiyat xulosasini ifoda etdi. Demak, bizning endigi asosiy vazifamiz ana shu ishonch va martabaga munosib faoliyat ko‘rsatishdir.
Farmon Toshev.
("Xalq so‘zi" gazetasining 2020 yil 10 iyun, 122-sonidan olindi)