Odamlarning oldida uyalib qoldim yoxud Payariqning Uymovut mahallasidagi suv chiqarish nasosining hasrati
Men ushbu hasratli dardimni, mana, 50 yildirki ichimga sig‘dirib, hech kimga aytmay kelayotgan edim. Sabr kosam to‘ldi, endi jim turolmayman.
Men 1970 yillarda tumanimizdagi sobiq Karl Marks nomli xo‘jalikning qoq markazida katta tantana bilan (130 metr chuqurlikda) qurilgan edim. Eh, undagi quvonchli damlarni eslasam, ko‘nglim yayrab ketadi. Shu deng, xo‘jalikning Ravot, Uymovut, Jo‘raboy qishloqlari aholisi xonadonlariga yetib borgan zilol suvimdan (yerga temir quvurlar ko‘milib, har bir xonadonga yetkazilgan) o‘zlarining buramali kranlari orqali ichib, quvonishgan edi. Shunday qilib, chamasi 6-7 yil shu qishloqlar aholisiga beminnat xizmat qildim.
Ming afsus, yillar o‘tib ishlatilaverib, suv tortaverib, kuyib qoldimmi, ishqilib buzilib qoldim. Shu-shu bo‘ldiki, menga hech kim qaramay qo‘ydi. Atrofimdagi qishloqlarga gaz kelishi sababli ayrim odamlar yerga ko‘milgan quvurlarimni kesib, gaz o‘tkazishga ishlatib yuborishdi.
O‘tgan davr mobaynida xo‘jaligimizga tayinlangan o‘nga yaqin rais ham mendan foydalanishni bilmadi. O‘sha vaqtda meni ta’mirlashga ajratilgan mablag‘lar kimlarningdir kissasiga kirib ketdi.
Afsus, ming afsus, 25 yil bo‘lyapti, men haliyam buzuqligimcha turibman. Ba’zilar tuman “Suvoqova” tashkilotiga borib, ahvolni aytishgan. Ular tez kunda o‘rganib, ta’mirlashga va’da berishgan, hozir ham berishmoqda. Ammo birov oldimga kalit ko‘tarib kelgani yo‘q.
Xo‘sh, men yana necha yil shu ahvolda turaman. Kerak bo‘lmasam, ag‘darib tashlashsin.
Ammo, to‘g‘risini aytsam, bag‘rimda hali suv ko‘p. Qaniydi, bir tanti tadbirkor chiqib, menday zerikkan nasosni tuzatsa. Suv chiqarib bersam, mahalla ahli uylariga tortib, yangi polietilenmi, temir trubalardami, kiritib olishar, pulini oyma-oy to‘lab borishar.
Men qachongacha qoqqan qoziqdek shumshayib turaman? Odamlarning oldida ham uyalib qoldim.
Suv chiqarish nasosi dardlarini oqqa ko‘chiruvchi Iskandar TEMIROV,
Sunnat MUHAMMEDOV.