O‘g‘irlik qilgan kollej o‘quvchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Joriy yilning 7 fevral kuni Samarqand tumani IIBga  Past Darg‘om tumani, Qo‘shmachit mahalasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan X.Sh. ariza bilan murojaat qildi.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 2020 yil 25 yanvar kuni soat 08.00 larda X.Sh. o‘z uyi oldida qarovsiz qoldirgan “Damas-2” rusumli avtomashinasidan xabar olgan vaqtida, avtomashinasining chap tomon o‘rta yo‘lovchi eshigining oynasi noma’lum shaxs tomonidan buzib ochgan holda narsalar saqlash uchun mo‘ljallangan qutisi (bardachok) ichida bo‘lgan 3.400.000 so‘m pullarni noma’lum shaxs tomonidan yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Noma’lum shaxsni topa olmagani uchun, uni topib qonuniy chora ko‘rishni va pullarini topib berishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Samarqand viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mazkur o‘g‘irlik jinoyati Samarqand tumani, Sulfakabutak mahallasida yashovchi, kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi, 2001 yilda tug‘ilgan M.J. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan M.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.