“Ohalik oltin bog‘i mevasi” 2,7 million dollarlik mahsulot eksport qildi
Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ishlashi uchun sharoit yaratish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi ham ana shu jihatni anglagan holda eksportyor korxonalar manfaatini himoyalash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish yuzasidan qulay investitsion muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Xususan, inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi respublikamizdagi yirik eksportyor korxonalardan biri “Ohalik oltin bog‘i mevasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda.
Korxonada pandemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport miqdorini oshirish yuzasidan mukammal xarakat dasturi ishlab chiqilgan.
Mazkur klaster korxonasi tomonidan Samarqand viloyatidan tashqari Toshkent, Jizzax, Buxoro viloyatlarida 4 ming gektardan ortiq yer maydonida intensiv bog‘ barpo etilgan bo‘lib, o‘rik, olcha, olma, shaftoli singari o‘nlab turdagi meva va sabzavotlar parvarishlanmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida korxona tomonidan 2 million 741 ming AQSh dollarlik mahsulot Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga eksport qilindi.
– Bugungi kunda xorijiy hamkorlarimizda yurtimizda yetishtirilgan meva va poliz mahsulotlari bilan birga olma va o‘rik konsetratlariga talab yuqori, – deydi “Ohalik oltin bog‘i mevasi" MChJ direktori Munis Ma’rupov. – Har bir mahsulotni zamonaviy sexlarimizda chiroyli qadoqlab, eksportga chiqaryapmiz. Yil yakuniga qadar eksport miqdorini 4,5 million dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Ayni paytda korxonada yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sifatli saqlash maqsadida 5 ming tonna sig‘imli zamonaviy muzlatkich ishlab turibdi.
Abduvali Xudoyorov.