Okrug komissiyasi a’zolarining vazifalari belgilab olindi

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug komissiyasining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishni okrug komissiyasi raisi Farmon Toshev boshqardi.

Oliy Majlis palatalarining qarorlariga ko‘ra, joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 16 martdagi qarori bilan referendumni o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasi doirasida 14 ta referendum okrugi tuzildi.

Jumladan, Samarqand viloyati bo‘yicha 7-Samarqand okrugi tuzilib, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023 yil 23 mart kuni 21 kishidan iborat tarkibda okrug komissiyasi tasdiqlandi.

Yig‘ilishda komissiya a’zolariga guvohnomalar topshirildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida”gi qonun hamda Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga asosan referendumni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha okrug komissiyasining ish rejasi, komissiya a’zolarining vazifalar taqsimoti tasdiqlandi.

Shuningdek, to‘rt kishidan iborat tarkibda 7-Samarqand okrug komissiyasi matbuot markazi tashkil etildi.

Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning 24-25 mart kunlari Toshkent shahrida okrug komissiyalari rahbarlari uchun o‘tkazilgan o‘quv-seminar tafsilotlari haqida komissiya a’zolariga ma’lumot berildi.