«Olg‘a»liklarning muammolarini kim hal qilib beradi?

Mahallamiz Nurobod tumanining eng chekka hududida joylashgan. Bu yerda ichimlik suvining tanqisligi aholining eng katta muammolaridan biri hisoblanadi. Deyarli har bir xonadonda quduq bo‘lib, uning suvidan ekinlarni va chorva mollarini sug‘orish mumkin, ammo taxir bo‘lganligi tufayli ichib bo‘lmaydi. Shu paytgacha tashib keltiriladigan suvni sotib olamiz.

2020 yili mahallamizga qo‘shni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala hududidan 15,8 kilometr, qo‘shni Hazormali qishlog‘iga esa 5,8 kilometr masofaga ichimlik suvi tortib kelingan edi. Katta mablag‘ evaziga olib kelingan bu xayrli ishdan xursand bo‘ldik. Qurilish ishlari tugagach, tuman sanitariya- epidemilogiya va osoyishtalik markazi xodimlari suvni ekspertizadan o‘tkazib, iste’molga yaroqli degan xulosa ham berishdi. Mahalladagi uchta maktab, 10-MTT hamda «Olg‘a» oilaviy shifokorlik punktiga ham suv quvurlari tortildi.

Biroq bu shodligimiz uzoqqa bormadi. Lekin bir haftadan so‘ng suvning qattiqlik darajasi yuqori ekanligidan uni ichib bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi. Suvni ichishga yaroqsiz, tekshiruv hujjatlari qalbakilashtirilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, sho‘r va taxir suvni ichgan nafaqat bolalar, balki kattalar orasida ham turli kasalliklar, jumladan, ichog‘riq bilan og‘riganlar ko‘paya bordi. Aholi esa uni ichishni istamay, har tonnasini 80 ming so‘mdan toza, chuchuk suv sotib olishga majbur bo‘lyapti. Odamlar bu suvdan o‘z xonadonlariga tortib borishni ham istamayapti.

Bundan tashqari, qishlog‘imiz o‘rtasidan o‘tgan markaziy ko‘chadan boshqa birorta ko‘chaga tosh to‘kilmagan, qishda loy, yozda esa tuproq kechib yurishimizga to‘g‘ri kelyapti. Qirq yil avval qilingan asfalt allaqachon o‘z faoliyatini o‘tab bo‘lgan.

Shuningdek, mahallamizda hammom, etikdo‘zlik, sartaroshxona, maishiy texnikalarni sozlash ustaxonasi kabi eng zarur bo‘lgan xizmatlar yo‘q.

Oddiy dori-darmon olish uchun yoki soch oldirish uchun tuman markaziga borishimizga to‘g‘ri keladi. Telefon yoki televizor buzilib qolsa ham sozlatish uchun bir kun vaqtimiz ketadi. Yo‘llar haqida aytmasam ham bo‘lar, mahallaning 17 ko‘chasining 12 tasiga oddiy tosh ham to‘kilmagan. 1960 yillarda o‘rnatilgan simyog‘ochlar allaqachon o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan. To‘g‘ri, tuman elektr tarmoqlari korxonasi ishchilari kelib ayrim joylarga beton ustunlar o‘rnatib berishgan edi. Biroq bu yetarli bo‘lmadi. Sal shamol tursa, eskirgan simlar uzilib, simyog‘ochlar qiyshayib qoladi. Nimstansiyalar katta bosimni ko‘tara olmay qolgan. Bir necha bor tuman hokimligiga elektr transformatorlarni yangilashni so‘rab murojaat qilganimiz befoyda. Ular faqat va’da berishdan boshqasiga o‘tishmayapti. Qishloq maktablarining ikkitasida sport zali yo‘q, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun sinfxona, o‘quv qurollari hamda jihozlar yetishmaydi. Mahalliy mutaxassislar yetishmaganidan 27 – umumta’lim maktabiga Qashqadaryodan, 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga esa Farg‘ona viloyatidan o‘qituvchilar kelib ishlashmoqda.

Bir necha bor tuman hokimligiga murojaat qilib, mahallamizdagi  mavjud muammolar, jumladan, ichimlik suvi, ko‘chalarga tosh to‘kish, eski simyog‘ochlarni almashtirish kabi masalalarda yordam so‘raganmiz. Biroq hozircha bu faqat xomxayol bo‘lib qolmoqda. Bizga shu masalalarda yordam bo‘larmikan, deb ushbu xatni yozdik.

Abdurashid Eshmirzayev,

Nurobod tumani, Olg‘a mahallasi.