Olimlar: “Omikron” butun dunyodagi eng yuqumli virus turiga aylanmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotida keltirilishicha, yangi variant aniqlangan mamlakatlar soni 106 taga yetdi. Eng yomoni, ushbu mutatsiya “delta”ga nisbatan ancha tez tarqalmoqda.

Masalan, dunyoda “omikron”dan ilk o‘lim holati bundan 10 kuncha avval Buyuk Britaniyada qayd etilgandi. Hozirga kelib bu mamlakatda ushbu variant bilan xastalanib vafot etganlar soni 14 nafarni tashkil etyapti.

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax yangi shtamm tarqalishi tufayli hududda pandemiyaning beshinchi to‘lqini boshlanganini rasman e’lon qildi.

Ammo mazkur xastalik o‘chog‘i bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasida buning aksi kuzatilyapti: mamlakatda “omikron” aniqlangan davrda “COVID-19”ga chalinish holatlari qanchalik shiddatli tusda ortgan bo‘lsa, hozir xuddi shu sur’atda pasayish qayd etilmoqda. Mutaxassislar buni Janubiy Afrikada eng yuqori cho‘qqidan o‘tildi, deb izohlashyapti.

Shunga qaramay, AQShning “Akron Beacon Journal” nashri “omikron” qizamiqdan keyin dunyodagi eng yuqumli virusga aylanganini yozdi. “Blumberg” nashri esa koronavirus, xususan, yangi shtammni yuqtirish xavfi samolyotda 2-3 baravar oshadi, degan xulosani e’lon qildi.

Binobarin, rossiyalik olimlar o‘rganishlariga ko‘ra, “omikron”ning inkubatsiya davri odatda 3-6 kunni tashkil qiladi. Biroq kasallikning ilk belgilari bemor bilan aloqa qilgan kunning ertasiga ham paydo bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, ushbu mamlakat tadqiqotchilari yangi shtamm, ayniqsa keksa yoshli emlanmagan shaxslar orasida og‘irroq kechishini aytishmoqda. To‘liq va qo‘shimcha dozada olingan vaksinalar esa inson organizmining bu virus turiga qarshi kurashish samaradorligini oshiradi.