Oliy Majlis deputati Past Darg‘om ahlining muammolarini o‘rgandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi To‘lqin Eshnazarov Past Darg‘om tumanida aholi bilan muloqotlar o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Eski juma” MFYda istiqomat qiluvchi Zoira Berdiyeva so‘zga chiqib, deputatdan uy-joy qurish uchun yer olishda yordam so‘radi.

- Oilamiz kam ta’minlangan 4 ta xo‘jalik bitta uyda yashaymiz. Sharoitimiz og‘ir. Yer ajratilsa, bir amallab uy qurib olamiz - dedi Z.Berdiyeva.

Shu mahallada yashovchi Ma’rifat Quvvatova esa, kam ta’minlanganligi uchun farzandini bog‘chaga imtiyozli talablar asosida joylashtirishda amaliy ko‘mak so‘radi.

Ushbu masalalar yuzasidan deputat tegishli tashkilotlarga so‘rov chiqaradigan bo‘ldi.

Past Darg‘om tumani “Eski juma” MFYda yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan  Z.Azizova esa uyi avariya ahvolda ekanligi, ayni damda kam ta’minlanganligi bois, ta’mirlashga sharoiti yo‘qligini aytib, bu borada deputatdan ko‘mak so‘radi.

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ushbu murojaat yuzasidan tuman xokimi nomiga deputatlik so‘rovi yuborib, masalani ijobiy hal etishini ma’lum qildi.

- Keyingi paytlarda aholining ijro hokimiyati organlariga ishonchi kundan-kunga ortib bormoqda. Bunga sayyor qabullarda, xalq bilan o‘tkazgan muloqotlarda amin bo‘layapmiz, - dedi T.Eshnazarov.

Deputat ishtirokida “Sanchiqul” MFYda o‘tkazilgan uchrashuvlarda aholidan suyultirilgan gaz, yo‘l masalasi va yo‘llarni tartibga solish, piyodalar yo‘lakchasiga svetofor o‘rnatish borasida qator muammolar o‘rtaga tashlandi. Mazkur muammolarni T.Eshnazarov o‘z nazoratiga oldi.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.