O‘n besh sutkaga qamalgan qarzdor jazoni o‘tab qaytgach, 135 mln. so‘m aliment pulini to‘lab berdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining buyrug‘iga asosan qarzdor A.X.dan undiruvchi Z.X. foydasiga voyaga yetmagan 3 nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIBning Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Qarzdor A.X o‘z majburiyatini bajarmasdan shu kunga qadar, jami 135,5 million so‘m pulni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuboriladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan qarzdor A.X.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi va undiruvchi Z.X. foydasiga 135568034 so‘m moddiy zarar (aliment) pullarini undirish belgilangan.

Qarzdor A.X. ma’muriy qamoq jazosini o‘tab bo‘lgach, majburiy ijro harakatlari davom ettirilib, Z.X. foydasiga 135,5 million so‘m zarar (aliment) pullari to‘liq undirib berilgan.