O‘n to‘rt kun to‘rt kunlik dunyo o‘tkinchiligi va hayot qadrini anglash uchun yetarli fursat

Bu Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi vrach-terapevti Nigora Rahmatullayevaning xulosasi.

Nigora opa egniga oq xalat kiyib, odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsata boshlaganiga 25 yil bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davrini ham hisoblaydigan bo‘lsak, o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan buyon shu soha ichida. Inson ruhi va jismi salomatligi uchun nima muhimligi, nimalar salomatlikka putur yetkazishi-yu sog‘lom hayot kechirish qanday omillarga bog‘liqligini yaxshi biladi. Shuning uchun bemorlarga ham, maslahat so‘rab kelgan kishilarga ham aytadigan gapi, beradigan tavsiyalari aniq. Opa yaqinda koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan muassasada ishlab kelganidan so‘ng, hayotga qarashlari o‘zgardi. Odamlarga aytar gapi, salomatlikning qadriga yetish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalari o‘zgardi.

  – Ish faoliyatim davomida turli holatdagi bemorlarni ko‘rganman, davolaganman, lekin hayotdan umidini uzib, endi umrim poyoniga yetdi, degan xavotir bilan kun sanayotgan kishilarni kam uchratganman, – deydi

Nigora Rahmatullayeva. – Biroq yaqinda Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonida, afsuski, tushkunlikka tushib, ana shunday o‘y-xayollar iskanjasida qolgan kishilarni ko‘rdim. “Endi nima bo‘ladi, nahotki shu infeksiya bilan hayotdan o‘tib ketsam, orzu-umidlarim ko‘p edi, sog‘ayib chiqsam faqat odamlarga yaxshilik qilaman, birovga yomonlik qilmayman”, degan gaplarni eshitdim. To‘g‘ri, koronavirus xavfli infeksiya, hozircha bunga qarshi vaksina topilmadi. Ammo aytilayotgan tavsiyalarga amal qilinsa, sanitariya qoidalariga rioya etilsa, kasallik yuqishidan himoyalanish, xastalikni davolash mumkin. O‘lim holatlari uchrayapti, lekin bunga bemorlarning boshqa kasalliklari ham sabab bo‘lmoqda. Ayni shu jihatlarni bemorlarga tushuntirib, ularning ruhini ko‘tarish, tushkun kayfiyatdan chiqarishga harakat qildik. Har kuni bir necha bemorlarning tuzalib chiqayotgani ham boshqalarga umid uyg‘otardi.

  – Koronavirusga chalingan kishilarni davolash uchun o‘zingiz bordingizmi yoki sizni birov bunga majbur qildimi?

  – Albatta, o‘zim bordim, hech kim majbur qilmadi. Gippokrat qasamiga sodiq qolib, bordim, desam balandparvoz gap bo‘ladi. Chunki bemorlarni davolash bizning burchimiz, vazifamiz bo‘lsa-da ko‘rinib turgan xavfga hech kim o‘zini urmaydi. Buning ustiga bu kasallarni davolash bevosita sizga topshirilmagan bo‘lsa. Davlatimiz tomonidan kasallikka chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lanishi, maoshiga ustama belgilanishi shifokorlarga dalda bo‘ldi. Men ham o‘z ixtiyorim bilan borib 14 kun pulmanolog-konsultant sifatida ishladim. Mehnatimga yarasha haq to‘lashdi. Lekin 14 kun o‘sha yerda ishlab, bemorlarning holatini ko‘rib, mening ham hayotga qarashlarim o‘zgardi. Hozir o‘sha summani bermaymiz, kasallarni davolashda qatnashing, deyishsa ham og‘rinmay boraman.

  – Oila a’zolaringiz, hamkasblaringizning munosabati qanday bo‘ldi?

  – Turmush o‘rtog‘im, farzandlarim boshida qarshilik qilishdi, “Sizni hech kim majburlamayapti-ku, borib nima qilasiz”, deyishdi. Keyin to‘g‘ri qabul qilishdi. O‘zim ham 14 kun shifoxonada, keyin 14 kun karantinda (o‘sha paytda shunaqa edi) bolalarim, nabiralarimni sog‘indim. Lekin nachora, ishimiz shunaqa, buning ustiga bir necha kishilarning sog‘lom hayotga qaytishiga sababchi bo‘lib, ularning quvonchiga sherik bo‘lishning gashti ham boshqacha. Hamkasblarim, qo‘ni-qo‘shnilar bu yerdan borganimdan keyin mendan o‘zlarini olib qochsa kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, aksincha, ular  meni qo‘llab-quvvatladi. Maslahat so‘rab, kasallar davolanayotgan muassasaga borib ishlagan hamkasblarim ham ko‘p bo‘ldi.

  – Hozirgi vaziyatda shifokor sifatidagi xulosangiz qanday?

  – Koronavirusni yengish, pandemiyadan kamroq talafot bilan chiqish mumkin va bu har kimning o‘ziga bog‘liq. Barchamiz belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilsak, aytilayotgan tavsiyalarni bajarsak, xavfdan xoli bo‘lamiz. Ayniqsa, yoshi ulug‘ kishilar, boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bemorlarni asrashimiz, ularning salomatligiga har qachongidan ham e’tiborli bo‘lishimiz lozim.

G‘olib Hasanov suhbatlashdi.