Ona farzandini 10 million so‘mga sotayotganda ushlandi

2020 yilning aprel oyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining yig‘ilishida Jarqo‘rg‘onda yashovchi 28 yoshli F.N. qiz farzandini Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi 35 yoshli Yu.T.ga qonuniy, sud orqali farzandlikka berishga rozi bo‘lib, tug‘ruq davomida ketgan dori-darmon va boshqa sarf-xarajatlariga deb 1.700.000 so‘m pullarni olib, Yu.T.ga farzandlikka berish uchun barcha hujjatlarni to‘plab sud zaliga borganda F.N. fikridan qaytib, farzandini bermasligini bildirgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, F.N. telefon orqali va bir necha marotaba Yu.T.ning yashash uyiga kelib, qiz chaqalog‘ini sotish uchun Yu.T.dan 10.000.000  so‘m miqdordagi pul mablag‘ini talab qilganidan so‘ng Yu.T. IIB ga ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur ariza asosida IIB xodimlari tomonidan fuqaro 2020 yilning 3 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumani Oqsoy mahallasi hududida joylashgan Yoshlar xiyobonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda F.N. qiz chaqalog‘i uchun  Yu.T.dan  talab qilgan 10.000.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.