Ona o‘z farzandiga shar’iy nikoh o‘qidi
Sarlavhani o‘qib, taajjublanganingiz aniq. Biroq bor gap. Amaldagi qonunlarimizni ham, dinimiz va vijdonini ham bir chetga surib qo‘yib, o‘z farzandining oilasiga zomin bo‘lgan onani qanday atash mumkin.
Ochiq sayyor sud majlisida ishtirok etganlar hayratdan yoqa ushladi. Sudlanuvchi Farida Rasulova (ism va shariflar o‘zgartirilgan) 1969 yili Andijon tumanida tug‘ilgan. Oilali, 4 nafar farzandi bor. Onalik baxti va farzandning ota-ona uchun qanchalik aziz ekanligini yaxshi biladi. Biroq u hammasini bir chetga surdi. O‘z farzandi oilasining buzilishiga, yana ikkinchi bir jinoyatning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Jabrlanuvchi I.Alimova 2017 yili F.Rasulovaning o‘g‘li B.Alimov bilan qonuniy nikohdan o‘tib, oila qurgan. O‘zaro kelishmovchiliklar sabab yuzaga kelgan janjallarga oilasi va farzandining taqdirini o‘ylab ko‘z yumdi. Biroq oxirgi vaqtlarda oilasidagilar tinchlik bermadi. Natijada ota-onasinikida yashashga majbur bo‘ldi.
Yosh oilani tiklash, nabirasini o‘z bag‘riga olish o‘rniga Farida o‘g‘lini yana uylantirishga qaror qiladi. Kelin ham topila qoldi. Bo‘z tumanida yashovchi G.Mahmudova uning taklifiga rozi bo‘ldi.
Er va xotin o‘rtasidagi nikoh rasman ajrim bo‘lmagani to‘yga to‘siqlik qildi. Vakolatli din peshvolari nikoh o‘qishga ko‘nmadilar. Qarangki, xiylagar ona buning ham yo‘lini topdi. Ayol boshi bilan uning o‘zi shar’iy nikoh o‘qishga jazm qildi. Shundan so‘ng kichkinagina to‘y ham bo‘lib o‘tdi. Noqonuniy qurilgan oila shu bilan bir umrlik bo‘ldi, deya onaning ko‘ngli tinchidi.
Farzandining tirik yetim bo‘layotganini kechira olmagan I.Alimova bundan norozi bo‘lib, sudga murojaat qildi. Boshiga tushgan bu kunlar yana bir ayolning hayotida takrorlanishi mumkinligini bildirdi. Qolaversa, fuqarolik huquqlaridan foydalanib, nikoh o‘qigan shaxsni qonun doirasida jazolanishini talab qildi.
Sudning qora kursisida o‘tirgan ona qilmishidan pushaymon. Belgilangan tartibda jazo olishga ham rozi. Biroq atrofidagilar uni kechirarmikin? AYoL, yana ONAning o‘z farzandiga nikoh o‘qishi...
Olimjon QAHHOROV,
Andijon tumani ma’muriy sudi raisi.
Akbarjon NAZAROV,
jurnalist.