Oqdaryoda 59 yoshli erkak norasmiy turmush o‘rtog‘ini urib o‘ldirdi

2020 yilning 22 mart kuni soat 20:00 larda Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani, Qorateri qishlog‘ida joylashgan “Ov Yog‘dusi IKV” fermer xo‘jaligi ishchisi, 59 yoshli T.M. norasmiy turmush o‘rtog‘i - 50 yoshli Z.U. bilan birgalikda spirtli ichimlik ichib, rashk oqibatida o‘zaro janjallashgan. Oqibatida T.M. Z.U.ning boshi va badanining turli joylariga urib, tepib jarohat yetkazgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, Z.U. olgan tan jarohatlari bilan shu yerda yotib qolib, 23 mart soat 02.00 larda voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (odam o‘limiga olib kelgan qasdan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. T.M. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.