Oqdaryoda radarlarni YHX xodimlari olib ketishgani rostmi? Samarqand viloyati IIB YHXB javob beradi
Bugun Zarnews.uz saytida Xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashi deputati To‘lqin Homidovning “Oqdaryoda radarlarni YHX xodimlari nega buzib olib ketishdi? Mutasaddilar avtomagistral yo‘lni kesib maktabga boradigan bolalarning xavfsizligini o‘ylamayaptimi?” mavzusida maqola berilgan edi. Ushbu maqola yuzasidan Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
Viloyat IIB rahbariyati sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining tahlillaridan kelib chiqqan holda xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llarning qismi o‘tgan viloyatning barcha shahar-tumanlari hokimlariga tezlik o‘lchash fotoradar uskunalarini xarid qilish taklifi bilan chiqqan.
Shu jumladan Oqdaryo tumani hududidan M-37 avtomobil yo‘lining 40 km.lik masofasi (4-44 km) o‘tganligini inobatga olib, tuman hokimligi va Toshkent shahridagi OOO “SATELLITE NAVIGATION AND AGRICULTURAL TECHNOLOGY” korxonasi o‘rtasida 2 ta tezlik o‘lchash fotoradar uskunasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilgan, lekin bu uskunalar hali xarid qilinmagan.
Shartnoma bo‘yicha bir dona fotoradar uskunasining narxi 275 mln 500 ming so‘mni tashkil etganligini, shuningdek inson omilisiz onlayn rejimida ishlaydigan mazkur uskuna internet aloqasi yaxshi bo‘lmagan joyda haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan belgilangan tezlikni oshirish qoidabuzarligini qayd etmasligini inobatga olsak bunday uskunadan faqat internet aloqasi yaxshi bo‘lgan joyda unumli foydalanishni taqozo etadi.
Haqiqatdan ham Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 25,5 km.ga inson omilisiz onlayn rejimida ishlaydigan tezlik o‘lchash fotoradar uskunasini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda “Butanosh” aholi yashash joyining ushbu qismiga hududiy xizmat ko‘rsatuvchi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan piyodalar o‘tish joyini 2 tomonlama yorituvchi zamonaviy layd yoritish chiroqlari bilan jihozlangan temir trubali ustuni o‘rnatilib, lekin hanuzgacha tezlik o‘lchash fotoradar uskunasi qo‘yilmagan edi.
Samarqand viloyati bo‘yicha fotoradar uskunalarini yetkazib berish va o‘rnatish uchun tender g‘olibi bo‘lgan Toshkent shahridagi OOO “SATELLITE NAVIGATION AND AGRICULTURAL TECHNOLOGY” korxonasi mas’ul xodimlari tomonidan joriy yil 13 avgust kuni o‘rganilganda ushbu joyda onlayn tizimida ma’lumotlarni jo‘natish va qabul qilish bo‘yicha internet aloqasi qoniqarsiz holda ekanligi, bu esa o‘z navbatida fotoradar uskunasining bir me’yorda uzluksiz ishlashini ta’minlamasligi bois ularni texnik shartlariga ko‘ra internet aloqasi yaxshi bo‘lgan joyga o‘rnatilishi lozim topilgach, o‘rnatilgan temir trubali ustun mutaxassislar ishtirokida taxminan 50-60 metrlar pastroqqa ko‘chirib o‘rnatildi.
Fuqaro T.Homidovning 2019 yil 13 iyun kuni Oqdaryo tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabuldagi murojaati yuzasidan viloyat IIB YHXB hamda Samarqand muntazam yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, M-37 avtomobil yo‘lining 25.5 km.dagi piyodalar o‘tish joyi barcha zarur yo‘l belgilari bilan jihozlanib, yo‘l yotiq chiziqlari chizilganligi, tuman hokimligini zahira mablag‘lari hisobidan onlayn rejimda ishlovchi fotoradar uskunasi xarid qilish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda amaliy yordam berish yuzasidan Oqdaryo tuman hokimligiga taklif kiritilganligi, tuman hokimligi tomonidan mablag‘ ajratilgandan so‘ng o‘rnatilishi ma’lum qilingan edi. Fotoradar xarid qilingandan keyin mutaxassislar taklif etgan ushbu joyga o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ushbu piyodalar o‘tish joyiga yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tayotgan piyodalarning harakat jadalligini inobatga olgan holda GOST 23457-86 “Davlat standarti” talablariga asosan svetofor o‘rnatilishi maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qilamiz.