O‘qituvchi attestatsiyani qanday «hazm qilyapti»?
Maktab o‘qituvchilari shu paytgacha har 5 yilda attestatsiyadan o‘tkazilardi va buni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi nazorat qilardi. Savollari ham umumiy bo‘lib, imtihonda o‘qituvchilarga o‘z faniga tegishli bo‘lmaganlari ham berilardi. Shuning uchun attestatsiyadan o‘tish o‘qituvchi uchun juda qiyin edi. Imtihon savollari murakkab bo‘lgani bois attestatsiya jarayonida shaffoflik yo‘qolib, tanish-bilishchilik va boshqa qing‘irliklar avj olgani ham hech kimga sir emas.
Ta’lim tizimida attestatsiya jarayonini soddalashtirish va adolatli o‘tkazish maqsadida yangi tartib joriy etildi. “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab, pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasini berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshirilishi belgilandi. Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yuklatildi.
Shuningdek, pedagog xodimlarga barcha malaka toifalarini berish, talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish soddalashtirildi. Bunda pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmaydigan bo‘ldi. Faqat ushbu farmonga ko‘ra, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undirilishi belgilandi.
Xo‘sh, bugun joylarda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni qanday kechyapti? Haqiqatda adolatli tizim joriy etildimi?
Ayni kunlarda Samarqandda viloyatdagi pedagoglar malaka toifasi olish uchun attestatsiyadan o‘tkazilmoqda. Imtihon olinayotgan auditoriya ichki ishlar xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda. U yerga begona kishi kiritilmaydi, pedagoglarning shaxsini tasdiqlovchi pasporti tekshirilib, qo‘l telefoni va shpargalkasiz imtihonga kiritilyapti. Zalga maxsus shifrlangan kompyuterlar qo‘yilgan va holatni tasvirga olish uchun videokameralar o‘rnatilgan. Test jarayonlarini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari nazorat qilmoqda.
O‘qituvchi kompyuterga maktabi va ism-familiyasini kiritganidan so‘ng, savollar ketma-ket tarzda ekranda namoyon bo‘ladi. Pedagog javoblar variantidan birini belgilaganidan so‘ng, keyingi savol ekranga chiqadi. Imtihonda fanning murakkabligiga qarab 1 soatdan 1,5 soatgacha vaqt beriladi. Kompyuterda barcha savollarga javob berilgach, ekranda o‘qituvchining umumiy bali chiqadi. U shu yerning o‘zida malaka toifasini olgan yoki olmaganligini biladi. Avvalgidek hech kim o‘qituvchiga “yordam” bermaydi, to‘g‘rirog‘i, yordam berolmaydi.
- Imtihon savollari ekspertlar tomonidan har xil variantda tuzilgan, - deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimi Xurshid Yo‘lchiboyev. – Shuning uchun ham o‘qituvchilarga bir xil savollar tushmaydi. Ular bir-biriga xalaqit qilmasligi va ko‘chirmasligi uchun shunday qilingan. Imtihonda 40 ta savolning barchasiga to‘g‘ri javob berib, 100 ball olgan o‘qituvchilar ham bo‘ldi. Ayniqsa, viloyatda matematika va tarix fanlaridan kuchli bilimga ega pedagoglar bor ekan. Ammo, o‘qituvchilarda kompyuterni bilish savodxonligi yetarli emas.
O‘qituvchilarning aytishicha, internetda tarqalgan savollarning ko‘pi boshqa fanlardan tushgan emish. Aslida attestatsiya savollari hech qayerga chiqarilmaydi. Shunisi taassufliki, internetda haqiqatda attestatsiya savollari berilgan saytlar bor ekan. Internetdagi savollarga ishonmaslik haqida o‘qituvchilar ogohlantirilgan bo‘lsa-da, ba’zilar shu savollar asosida tayyorlanganini aytishdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bugun o‘qituvchi o‘z fanini mukammal o‘rganishga harakat qilyapti.
- Avvallari attestatsiya imtihoni kompyuterda olinmasdi, bizga savollar qog‘ozda chiqarib berilardi, - dedi Jomboy tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Maftuna Nurmatova. – Savollar mutaxassislik fanlaridan ko‘ra pedagogika, psixologiya, metodikadan tuzilgan bo‘lardi. Endi savollar mutaxassislik fanidan tuzilgan, deyishyapti. Shuning uchun darsliklar asosida imtihonga tayyorlanib keldim. O‘zim 2-toifali o‘qituvchiman, attestatsiyadan o‘tish vaqti kelgani uchun menga hozircha mutaxassislik bo‘yicha maosh to‘lashyapti. Agar imtihondan o‘tsam, 1-toifa berishadi va ish haqim oshadi.
- Imtihon savollarining 39 tasiga javob topib, 97,5 ballni qo‘lga kiritdim, - dedi Ishtixon tumani 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘zbek tili (davlat tili) fani o‘qituvchisi Nasiba Uzoqova. – O‘tgan yilning oktyabr oyida 2-toifa olgandim. Bu safar muddatidan oldin o‘z xohishim bilan kelib 1-toifaga o‘tdim.
Bu yil attestatsiya imtihonidan yuqori ball to‘plab, toifasini oshirayotganlar talaygina, ammo test sinovlaridan o‘tolmayotganlar ham yo‘q emas. Masalan, Samarqand tumani 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, 25 yillik mehnat stajiga ega Sahoba Ataqulova 70 ball bilan oliy toifaga o‘tolmadi.
- Oliy toifa olish uchun 75 ball to‘plash kerak, - dedi u. – Savollar juda yengildek tuyulgandi, hatto berilgan vaqtdan oldin hammasiga javob berib bo‘ldim. Ammo negadir yetarli ball to‘play olmadim. Menimcha, bir-biriga o‘xshash savollarda chalg‘idim. Aslida 2018 yilgacha oliy toifali o‘qituvchi edim. O‘sha yili attestatsiyadan kam ball olib, 1-toifaga tushdim. Bu safar muddatidan oldin topshirmoqchi edim, ammo bo‘lmadi.
Suhbat jarayonida shu narsaga amin bo‘ldimki, avvalgi attestatsiyaga o‘qituvchilar bu qadar kuchli tayyorlanmagan. Sababi, attestatsiya “gaplashilgan”. Endigi attestatsiya jarayoni adolatli bo‘lib, faqat bilim talab qilinayotgani o‘qituvchini o‘qishga, izlanishga, darsliklarni ko‘zdan kechirib chiqishga undamoqda. Yetarli ball to‘play olmagan pedagoglar ham keyingi safar faqat o‘z ustida ishlab, bilimini yanada mustahkamlab kelishi tayin. Ammo mish-mishlarga qaraganda, attestatsiyadan “o‘tkazib berish” uchun pul so‘rayotganlar bor emish. Buni qanday tushunish mumkin? Tasavvur qiling, test sinovlari shaffof o‘tayotgan bo‘lsa-da, haligacha farzandini oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish uchun kimlargadir pul berib yurgan ota-onalar yo‘q emas. O‘ziga ishonmaydigan o‘qituvchilar ham xuddi shunday yo‘l tutayotgani aniq. Bunday vaziyatdan unumli foydalanib qolishni istovchilar topiladi, albatta.
To‘g‘ri, attestatsiya imtihoniga hamma talabgorlar ham to‘liq qatnasha olmayapti. Hozircha ro‘yxatga olinganlarning 2 foizi turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan. Ular uchun ma’lum kun belgilanib, alohida imtihon olish rejalashtirilgan. Bu ham o‘qituvchilarga berilayotgan imkoniyat. Pedagoglar attestatsiyasi shaffof o‘tsa, maktablarda ta’lim sifati oshishiga aminmiz.
Xurshida Ernazarova.