O‘qituvchining haqini “yeb ketish” mumkinmi?

Umuman, unga berilishi shart bo‘lgan mablag‘ni kechiktirishni qanday baholash mumkin?

Adliya vazirligi saytiga Samarqand shahridagi 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Madina Otaqulova yo‘llagan murojaat ana shunday savollarning tug‘ilishiga sabab bo‘ldi.

Murojaatda qayd etilishicha, M.Otaqulova 2019 yil avgust oyida homiladorlik va tug‘ruq ta’tiliga chiqqan. Ammo unga 2020 yilning fevraligacha homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi to‘lanmagan. Tabiiyki, toqati toq bo‘lgan muallima Adliya vazirligiga murojaat qilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Mehnat kodeksining 233-moddasiga binoan, ayollarga tuqqunga qadar 70 kalendar kun va tuqqanidan keyin 56 kalendar kun (tug‘ruq qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda – 70 kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Murojaat Samarqand shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish mobaynida shahar xalq ta’limi bo‘limi markazlashgan hisobxonasi xodimlari tomonidan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002 yil 1 apreldagi 21-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi hamda Moliya vazirining 2010 yil 5 fevraldagi 10-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Byudjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy kommunal xizmatlari haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul to‘lovlari hamda bola tug‘ilganida beriladigan bir yo‘la nafaqani to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.

Negaki, qayd qilingan Nizomga asosan nafaqa hisobot oyidan keyingi oyning ikkinchi yarmi uchun beriladigan ish haqi bilan birga to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Holatdan kelib chiqib, qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Natijada murojaat muallifiga 8 million 661 ming so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘liq to‘lab berildi.

N.KAMILOV,

Samarqand shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.