O‘qituvchisi yo‘q maktabga kompyuter kerakmi?
BUNI BULUNG‘URLIKLAR YaXShI BILADI
2019 yil 19 martda Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish bo‘yicha 5 ta tashabbusni ilgari surdi. Tashabbuslarning ayrimlari, jumladan, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish hamda ularning ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va sportni rivojlantirish bo‘yicha Bulung‘ur tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik.
– Bulung‘ur tumanida 66 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifacini vaqtincha bajaruvchi Suyarqul Berdiqulov. – 35 ming 54 nafar o‘quvchiga 3055 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. 58 ta maktabimizda kompyuter bor. Qolgan 8 ta maktabga kompyuter berishlarini so‘rab, tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Navbati bilan bu maktablarga ham kompyuter berilishi aytilgan.
SPORT ZAL FAQAT DIREKTORGA KERAKMI?
2008 yilda qurilgan 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 419 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil oladi. Informatika xonasida 15 ta kompyuter bo‘lib, internet aloqa tizimiga ulangan. Muassasa rahbarining aytishicha, o‘quvchilar darsdan tashqari kompyuter to‘garaklarida qatnashadi.
– Ayni paytda bizni qiynayotgan eng asosiy muammo sport zali bo‘lib turibdi, – deydi maktab direktori Orifxon Abduqayumov. – Maktab binosi qurilganiga ko‘p o‘tmagan bo‘lsa-da, sport zalda qurilish ishlari yaxshi tashkil etilmagani bois yaroqsiz holga keldi. Sport mashg‘ulotlari tashqarida olib boriladi. Bu haqda tuman xalq ta’limi bo‘limiga ikki marta murojaat qildik, ammo natija yo‘q.
Maktabda xona yetishmasligi bois kutubxona ham kichik bir xonaga joylashtirilgan. O‘quvchilar uchun u yerda kitob mutolaa qilish uchun sharoit yo‘q. Kitoblar kam, borlari ham o‘quvchilarni qiziqtiradigan asarlar emas. Yangi gazetalar yo‘q. Kutubxona rahbarining aytishicha, ikki-uch xil gazeta va jurnalga obuna bo‘lingan bo‘lsa-da, joriy yil davomida biror marta matbuot tarqatuvchi tomonidan maktabga davriy nashrlar yetkazilmagan.
11-SINF O‘QUVChILARI MAHALLA BINOSIDA DARS O‘TADI
– Maktabimiz 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 410 nafar o‘quvchi bilim oladi, – deydi Xo‘jamazgil mahallasida joylashgan 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Qobil Davurov. – Xonalar yetishmasligi bois 11-sinf o‘quvchilari mahalla binosida tahsil olmoqda. 1 milliard 270 million so‘mlik loyiha asosida, qo‘shimcha bino qurish ishlari boshlandi, biroq bu bilan baribir o‘quvchilarni sig‘dirishning imkoni bo‘lmaydi.
Mazkur maktabda 14 ta zamonaviy kompyuter bor, ammo o‘quvchilar undan samarali foydalanishi uchun imkoniyat yetarli emas, internetga ulanmagan. Muassasa kutubxonasi esa sport zali yonidagi, bir paytlar yuvinish uchun mo‘ljallab qurilgan xonaga joylashtirilgan. Kitoblar pala-partish holatda yarmi javonda, yarmi yerda. Yaqin o‘rtada u xonaga kirilmagan shekilli, kitoblarni chang bosgan. Yangi o‘quv yilida maktabga birorta ham gazeta kelmagan. Holat yuzasidan muassasa rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Toshtemirov "Obuna bo‘lish majburiy emasligi bois, bu yil maktabimizda hech kim birorta gazetaga obuna bo‘lmadi", deya izoh berdi.
Maktab foyesi va sinf xonalar ham kutubxonadan-da achinarli holda. Tozalikka umuman rioya qilinmagan. Dars vaqtida juda ko‘p o‘qituvchi va o‘quvchilar tashqarida yuribdi.
MAKTAB RAHBARLARI VA O‘QITUVChILARI QAYeRDA?
Tumanning Beshkal qishlog‘ida joylashgan 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lganimizda, ochig‘i, mamlakatimizda shunday achinarli muhitga ega ta’lim muassasasi borligiga ishonish qiyin bo‘ldi. Mazkur muassasaga soat 11:37 da yetib borgan bo‘lsak, u yerda ikki-uch nafargina o‘qituvchini uchratdik, xolos. Vaholanki, maktabda 31 nafar pedagog faoliyat yuritadi. Achinarlisi, bu paytda muassasa rahbarlarining ham birortasi o‘z o‘rnida emas. Holat bo‘yicha o‘qituvchilarning hech biri bizga tayinli javob berolmadi. Kerakli ma’lumotlarni olish uchun maktab direktori bilan telefon orqali bog‘lanib, o‘zimizni tanishtirdik.
"Men ish yuzasidan boshqa joydaman. "Zovuch" ta’ziyaga ketgan, kutib tursangiz, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarim borib, kerakli ma’lumotlarni beradi. Ha aytgancha, siz tanqid qilish uchun keldingizmi?..." Direktorning bu so‘zlaridan so‘ng 15 daqiqa o‘tgach, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar keldi. O‘zini Uzoqboy Fozilov deb tanishtirgan bu odam tavoze bilan gapni iltimos qilishdan boshladi. Uning aytishicha, mazkur maktabdagi ayanchli holatlarga ko‘z yumib, muassasaga kelmadik deb ketishimiz kerak ekan.
U.Fozilovning ta’kidlashicha, muassasada 257 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil oladi. Maktabda kompyuter xonasi ham, sport zali ham yo‘q.
– Televezor orqali maktab o‘quvchilarining kompyuterda ishlayotganini, chiroyli zallarda sport mashg‘ulotlari bajarayotganini ko‘rsam havasim keladi, – deydi 8-sinf o‘quvchisi Dildora Narzullayeva. – Qani edi bizda ham shunday imkoniyatlar bo‘lsa.
Muassasada rahbarlarning maktabda emasligiga biror sabab ko‘rsatish mumkin, ammo dars paytida o‘qituvchilarning yo‘qligiga nima deysiz? Maktabdagi sinflarga kirganimizda o‘quvchilar o‘z xonalarida o‘tirganini ko‘rdik, biroq to‘rtta sinfga kirib, birortasida o‘qituvchi dars o‘tayotganiga guvoh bo‘lmadik. O‘quvchilardan so‘raganimizda o‘qituvchilari kelmaganini aytishdi. U.Fozilov esa o‘qituvchilarning dars vaqtida nega yo‘q ekanini har xil bahonalar bilan izohlashdan nariga o‘tmadi.
Maktabning ikkinchi binosiga, ochig‘i, kirishga cho‘chidik. Bolalar kun bo‘yi o‘tirib, dars o‘tadigan xonalar mutlaqo yaroqsiz holga kelgan. Bir necha yil oldingi partalar ham ma’nan eskirgan. Mazkur binoda joylashgan kutubxona undan-da achinarli. Maktab rahbaridan tortib o‘qituvchilargacha kitob mutolaasi degan narsani o‘zlariga yot bilishadi shekilli, kutubxonada ishtiyoq bilan o‘qiydigan bitta ham asar yo‘q. Bor kitoblar ham barmoq bilan sanarli.
Bulung‘ur tumanidagi maktablarda bo‘lib shunga amin bo‘ldikki, Prezidentimiz aytgan beshta tashabbus bu yerda birorta rahbarni "qo‘zg‘at"magan. Ehtimol, nafaqat maktab, balki tuman hamda xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari mazkur tashabbuslar haqida o‘ylab ko‘rganida, eng avvalo, bu harakat ta’lim muassasalarida sezilardi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
"Zarafshon" muxbiri.