O‘quv yili tugadi, xo‘sh, pandemiya davrida ta’lim-tarbiyaning uzluksizligi ta’minlandimi?

Pandemiyaning ilk kunidayoq barchani bir savol qiziqtirardi: endi farzandlarimizning o‘qishi nima bo‘ladi, ta’lim berishda uzilish bo‘lmaydimi?

Karantin davrida ta’lim tizimi samaradorligini tushirmaslik, millionlab o‘quvchi-yoshlarning bilim olishi uchun yetarli va samarali chora-tadbirlar belgilash kun tartibidagi muhim masalalardan biri edi. Xalq ta’limi vazirligining o‘z vaqtida olib borgan amaliy chora-tadbirlari o‘quvchilar ta’lim jarayonini uzluksizligini ta’minlashga xizmat qildi. Tan olish kerakki, bu borada bizda yetarli ko‘nikma va malaka mavjud emas edi. Ammo sharoit va imkoniyat barchani birlashib ishlashiga majbur qildi.

Yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan masofaviy ta’lim, onlayn darslarda nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilar, balki ota-onalar ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdi.

Karantin e’lon qilinganidan so‘ng to‘liq onlayn tarzda o‘quvchilar bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘ydik. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, o‘quvchilarimiz onlayn darslarda ancha faollashdi. Buning menimcha ikki muhim sababi bor: birinchisi, onlayn darslarga erkin va mas’uliyat bilan qatnashish, ikkinchisi, oila a’zolarining nazorati. Qolaversa, karantin sharoitida uyda har bir o‘qituvchi o‘z  ustida ko‘proq ishlashiga ham yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Shaxsan o‘zimning tajribamdan aytsam, o‘quvchilar bilan dars dasturi doirasida savol-javob va muloqotdan tashqari qator ijodiy ishlarni bajarishga ham erishdik. Jumladan, Prezidentimizning besh tashabbuslari ijrosini ta’minlash uchun o‘quvchilar o‘rtasida onlayn tarzda turli tanlov va musobaqalar tashkillashtirdik. Natijada sog‘lom raboqat vujudga keldi, o‘quvchilarning yangi qirralari ochildi.

Darslar tugagandan keyin o‘quvchilar onlayn muloqot kanallari orqali bizga savollar bilan murojaat qilishi, internet tarmog‘ida ma’lumotlar bazasidan unumli foydalanishlari ularning iqtidori va intiluvchanligini oshirdi.

Koronavirus pandemiyasi masofaviy ta’limning ham effektiv tomonlari borligi, o‘qituvchilarning ijodiy qobiliyati uchun har xil vaqtni oladigan rasmiy hujjatlardan ko‘ra aniq va manzilli topshiriqlar muhimligini ko‘rsatdi.

Shahnoza Rahmonova,

Samarqand shahridagi 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.