O‘quvchi-yoshlar sud zalida raisni savolga tutdi
Joriy yilning 14 sentyabr kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kun munosabati bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi binosida “Sud va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Uchrashuvda jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi raisi J.Arslonov yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar tahlili, jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini ko‘rsatib, ularning oldini olish choralari yuzasidan ma’ruza qildi. Bu borada yoshlar o‘rtasidagi targ‘ibot va tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlar tomonidan berilgan savollarga, ularning huquqiy masalalardagi muammolari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.
Tadbir davomida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning ilm olishlari borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham aytib o‘tildi. Bu boradagi ishlarning ahamiyati, o‘quvchi-yoshlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar xususida fikr almashindi.