O‘quvchilar nega qorong‘i sinfxonalarda o‘qimoqda?

Bugun davr talabidan kelib chiqib, xalq ta’limining barcha bo‘lim hamda boshqarmalarida asosiy e’tibor, avvalambor, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga qaratilmoqda. Sohada yutuqlar ko‘p, afsuski, yechimini kutib turgan muammolar ham kam emas. Shu bois ayni paytda pedagog o‘z ustida ishlash, faoliyatidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, maktab rahbar-xodimlari esa muassasadagi ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchiga qiziqarli va sifatli ta’lim-tarbiya berish ustida izlanmoqda. Ammo ushbu faoliyatga to‘sqinliq qiladigan ba’zi kamchiliklar ham uchrab turadi...

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Urgut tumanidagi ayrim umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ikkinchi navbatda o‘qiyotgan o‘quvchilar chiroq yo‘qligi bois qorong‘i sinfxonalarda ta’lim olayotgani haqida ma’lumot tarqaldi.

Aytishimiz mumkinki, bugun mazkur tumanda 141 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularda 103239 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktablarning aksariyati qishloqlarda joylashgan. Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi qoshidagi ekspluatatsiya xizmati bosh muhandisi Akmal Xursandovning ta’kidlashicha, haqiqatan ham tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar uchrab turadi. Bu ayniqsa, ikkinchi navbatda o‘qiyotgan o‘quvchilarga muammo tug‘diradi.

Ba’zi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga o‘rnatilgan zamonaviy isitish uskunalarining elektr energiyasi bilan ishlashini inobatga olsak, o‘quvchilarning bir paytda ham qorong‘i, ham sovuq sinfxonada o‘tirib, dars o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Bu muammoli masalalarni kim hal qilishi joiz? O‘qituvchimi, maktab direktorimi?..

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni 3-bandiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashishi, xususan, xalq ta’limi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlashga mas’ul ekanligi qayd etilgan.

Qolaversa, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot chog‘ida ba’zi maktablarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida jiddiy kamchiliklar borligini alohida tilga olib, maktab direktorlari ta’lim muassasidagi muammolarni hal etishga emas, bevosita ta’lim samaradorligini ta’minlashga javobgar ekanligini ta’kidlagan edi. O‘z navbatida, ushbu masalaga ijro hokimiyati jiddiy e’tibor qaratishi lozimligini talab qilgandi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, pedagog xodimlar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari, xalq ta’limi sohasi xodimlarining barchasi tizimdagi muammolarning oldini olishga mas’uliyat bilan qarashi lozim. Xalq ta’limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish, muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, hududning va ko‘chmas mulkning butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash, tizimdagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo‘yicha har bir soha mas’ullari bir yoqadan bosh chiqarib intilmas ekan, muammolarni ijobiy hal etish mushkul.

Ayni paytda maktabdek muqaddas dargohda xalq farzandi, siz va bizning orzu umidimiz, yurt kelajagi kamolga yetayotganini unutmaslik lozim.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.