Orenburgda 3 nafar o‘zbekistonlik “qullik”dan qochishga muvaffaq bo‘ldi
Rossiyaning Orenburg viloyatida uch nafar O‘zbekiston fuqarolari “qullik”dan qochib qutilishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bermoqda Sputnik.
Xabarda aytilishicha, ushbu yilning avgust oyida Ulug‘bek, Abdulaziz va Jasurbek ismli fuqarolar Rossiyaning Perm viloyatiga ishlash uchun yo‘lga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay ular Ali ismli Qozog‘iston fuqarosi bilan tanishib qoladi. Ali ularga Orenburgning Buzuluk shahrida ish, turar joy, ovqat va hujjatlarini rasmiylashtirishni va’da beradi. Ular rozi bo‘lishadi.
Manzilga yetib kelgach, Ali ularni Fuzayil ismli Ozarbayjon fuqarosiga topshiradi. Fuzayil registratsiyani bahona qilib, o‘zbekistonliklarning pasportini olib qo‘yadi va qurilishga ishlashga yuboradi.
Oradan 10 kun o‘tib, ishchilar pasportlarini talab qilishadi. Bunga javoban Fuzayil ular uchun Aliga 50 ming rubl to‘laganini va qachonki, ushbu pullarni ular ishlab bersa yoki qarindoshlaridan qarz olib qaytarsa, keyin pasportlarini berishini aytadi.
Shundan keyin ham yigitlar bir necha bor o‘z pasportlarini qaytarishni so‘rab murojaat qilishadi. So‘nggi marta Fuzayil va uning do‘stlari o‘zbekistonliklarni do‘pposlab, omborxonaga qamab qo‘yadi.
O‘zbekistonliklar bir necha kun o‘tib, u yerdan qochib ketishadi. Pasportlari yo‘qligi tufayli ular elchixonadan ma’lumotnoma rasmiylashtirishi kerak edi. Moskvaga yetib olishga ularga o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar yordam berishadi.
Shu o‘rinda, Rossiyaga mehnat qilish uchun ketayotgan fuqarolarga eslatib o‘tmoqchimiz. Birinchidan, Rossiya migratsiya qonunlarini o‘rganing. Ikkinchidan, tanimagan odamlarning gapiga kirib, hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan ishlashni boshlamang. Uchinchidan, O‘zbekiston elchixonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari telefon raqamlariga murojaat qiling.