...Orol yig‘lamoqda, ko‘zda yoshi yo‘q. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonovga ochiq xat

Assalomu alaykum, do‘stim O‘rozboy!

2017 yilda Toshkentdagi "Nav­ro‘z" nashriyotida nashrdan chiqqan "Orol qanday quridi?" nomli kitobingizni hayajon bilan o‘qidim. Xayol tulpori o‘sha o‘tgan asrning 60-yillarida ToshDU jurnalistika fakultetida birga o‘qigan yillarimizga olib ketdi. Orzu-umidlarimiz bisyor, Vatanga mehrimiz bo‘lakcha edi. Sizning ayniqsa, asov to‘lqinlari uzra oqcharloqlar charx urgan Orol dengiziga mehringiz, u haqida jo‘shib so‘zlashingizga havasimiz kelardi. Endi esa o‘sha Orol haqida uni Yer yuzi xaritasidan o‘chish xavfi qalbingizga solgan og‘riq mening yuragimga ham ko‘chdi.

O‘rozboy! Orol fojiasi, uning qurish sabablari inson omiliga borib taqalishi, O‘zbekistonni o‘zining paxta monopoliyasiga aylantirishga intilgan sobiq ittifoqning kaltabin siyosati oqibatlari ekanligi haqida respublikamizda ham, dunyo miqyosida ham yarim asrdan buyon bong urib kelinmoqda. Dengizning qurishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo iqlimi, tabiati, ekologiyasiga o‘nglab bo‘lmas zarba bo‘lishi takror va takror aytilmoqda. Kitobingizda Orolni qutqarish haqidagi fikrlar, amaliy ishlarga da’vat qalbimda dengizning asrab qolinishiga umid uy­g‘otdi. O‘ylaymanki, bu haqdagi fikr­laringiz, ilgari surgan g‘oyalaringiz boshqa kitobxonlarni ham befarq qoldirmaydi.

Ha, chin insonni, sodiq farzandni ona Vatanidan boshqa dardi bo‘lishi mumkinmi? Vatan o‘zi nima? Kindik qoning to‘kilgan go‘sha, bag‘rida seni ardoqlab voyaga yetkazgan ona yer, uning suvi, havosi emasmi? Kitobingizda har bir satr Orol fijiasi, uning boshiga tushgan kulfat, uni asrab qolish shu yurt farzandlarining burchi ekanligi o‘quvchi qalbida Vatanga mehr tuyg‘usini uyg‘otadi.

O‘rozboy, do‘stim! Sizga bu ochiq xatni yozishga undagan dard kitobingizda Orol nafaqat yurtimiz far­zandlari, balki hayotimiz gultoji bo‘lgan ona sayyoramiz bashariyatidan faryod chekib, iltijo bilan najot so‘­rayotgani bo‘ldi. Dar­ha­qiqat, siz alam va dard bilan yozganingizdek, biz umr­guzaronlik qilayotgan Ollohning bebaho ne’mati – go‘zal tabiat, uning to‘lqin mavj urgan dengiz, ko‘llari, hayotbaxsh buloqlari bo‘lmasa, yashashdan ne ma’no. Kitobni o‘qir ekanman, siz bilan birga baralla faryod chekgum, qurib borayotgan dengizning ohu nolalari, bir tomchi suvga zor, tashnaligidan dod degim keladi. Bu nafaqat bizning, barcha sog‘lom fikrli yer yuzi ahlining dardidir. Uni jasorat bilan ko‘tarib chiqqaningizni qutlayman.

Orol fojiasining boshlanishini eslasak, ko‘z o‘ngimizga yurtimizni mustamlakaga aylantirgan zo‘ravon tuzum, uning boshida ko‘proq yangi yerlar o‘zlashtirib, Sirdaryo va Amudaryo suvining Orolga quyilishiga chek qo‘ygan mudhish tuzum keladi. Oqibat shu bo‘ldiki, sobiq ittifoq iqtisodiyotining strategik qudratiga aylangan paxta yakkahokimligi nafaqat zaminimizni egallab oldi, balki bebaho yerimizni zahar-zaqqum bilan zaharladi, Orolga quyilayotgan suv yo‘llarida qurilgan g‘ovlar – Tuyamo‘yin, Taxiatosh kabi ulkan to‘g‘onlar, Arnasoy, Aydarko‘l, Dengizko‘l, To‘dako‘l, Sariqamish va boshqa o‘nlab katta-kichik ko‘llar paydo bo‘lib, dengizimizni halokatga, bir tomchi suvga zorlikka mahkum etdi. Shu o‘rinda kitobingizdagi nidolarga hamohang ravishda tilimga tug‘yonli satrlar keladi:

…Orol yig‘lamoqda, ko‘zda yoshi yo‘q,

Orol tashna ammo tomchi suvi yo‘q.

Albatta, Orolni saqlab qolish, ekologiyasini tiklash, orolbo‘yi xalq­larining ijtimoiy ahvoli, salomatligini yaxshilash haqida sog‘lom fikrli insonlar – davlat arboblari, olimu yozuvchilar P.Shermu­hammedov, Ch.Aytmatov, A.Saxarov, V.Dubinin va boshqalar yuksak minbarlardan bong urdi, jahon hamjamiyatini dengizni qut­qarishga chaqirdi. 1993 yil mart oyi­da Qizil O‘rdada O‘rta Osiyo va Qozog‘iston davlatlari boshliqlari uchrashuvida "Orol dengizi tangligini hal etish yuzasidan birgalikda harakat qilish to‘g‘risida" bitim imzolandi. O‘sha yili 28 oktyabrda, 2000 yil 12 sentyabrda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasida Orol muammosini butun dunyo fojiasi deb BMT qoshida maxsus Orolga bag‘ishlangan qo‘mita tuzishni taklif etgandi.

Bu dolzarb muammoga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor qaratdi. Prezidentimizning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etish tashabbusi ma’qullandi.

Maxsus dasturga ko‘ra, Orol dengizining suvsiz hududida bu yil 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etiladi. Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bu borada, jumladan, Mo‘ynoq tumanida barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy shaharcha bunyod etish yuzasidan dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Unga ko‘ra, tumandagi sobiq baliq konserva zavodi hamda 5-qurilish boshqarmasi hududidagi jami 20,5 gektar yer maydonida sanoat zonasi tashkil etiladi. Ushbu kichik sanoat zonasida 13 ta loyiha ro‘yobga chiqarilishi rejalashtirilgan va ayni paytda umumiy qiymati 6 milliard 282 million so‘mlik 8 ta loyiha ish boshlagan. Zamonaviy konserva zavodini 2019 yil 1 sentyabrga qadar ishga tushirish ko‘zda tutilgan, bu korxona yiliga 9 millionta baliq konservasi tayyorlash imkonini beradi. Shuningdek, Orol dengizi hududida o‘rmon barpo etish avjida. Ayni damda bu ishga 500 dan ziyod texnika jalb etilgan va qisqa muddatda 80 ming gektar yerda saksovul ekildi. Umumiy qiymati 50 million AQSh dollarilik 18 ta innovatsion loyihani hayotga tatbiq etish, shu yilning o‘zida 4 ming kishining bandligini ta’minlash choralari ko‘rilyapti.

O‘rozboy! Kitobingiz Orol fo­jiasiga sabab bo‘lgan omillar, ularni bartaraf etish, ekologik halokatga yo‘l qo‘ymaslik haqida sog‘lom fikr­li kishilarga yangi da’vat bo‘ldi. Orol dengizining qurib qolgani jahondagi eng xavfli ekologik fojialardan hisoblanadi. Uning oqibatlari atrof-muhit darajasidan-da tashqariga chiqqan, uning ta’siri mazkur hududda va uning atrofida yashovchi millionlab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Tuz va chang bo‘ronlari mintaqadan Yer yuzining olis-olislarigacha borib yetib, biologik unumdorlik va bioxilma-xillik, ekoturizm holati, suv ta’minoti, odamlar salomatligi, iqtisodiy taraqqiyotga tahdid solmoqda. Orol muammosi ana shunday fojiaga aylangan, ayni paytda butun dunyo e’tiborini talab qilayotgan davrda kitobingiz har bir fuqaroni umumbashariy vazifaga qaratishi bilan menda chuqur taassurot qoldirdi. Bu kitobni Vatanni, Orolni sevgan katta-kichik hamma o‘qishi kerak.

Ehtirom bilan Jumaqul KARIM.