Osteoxondroz xuruj qilsa: mutaxassis maslahat beradi
Bugungi kunda sayyoramizning 85 foizdan ko‘proq aholisi umurtqa pog‘onasi osteoxondrozi kasalligidan azob chekadi. Ayniqsa, Yaponiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Chexiya kabi davlatlarda ushbu kasallik asoratlari sababli nogironlar soni ancha ortgan. Bemorlarning aksariyati umurtqa pog‘onalari orasidagi gardish (disk)ning yemirilishi kasalligiga chalingan. Tibbiyot sohasida vertebrologiya yo‘nalishi paydo bo‘lishi bilan ushbu xastalikni samarali davolash usullari topildi. Yurtimizda ham osteoxondrozni samarali davolash bo‘yicha vertebrologiya ilmiy-amaliy markazlari faoliyat yuritmoqda.
Umurtqa pog‘onalari orasidagi gardishning lat yeyishi natijasida bemorda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘ir yuk ko‘tarish yoki belning yallig‘lanishi natijasida uning faoliyati izdan chiqa boradi. Shuningdek, umurtqa pog‘onasi kanali ichidan orqa miyaga o‘tadigan tirqishning torayib qolishi va boshqa yallig‘lanishlar ta’sirida hosil bo‘lgan shishlar belda kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi.
Umurtqa pog‘onasining ko‘krak, bel va dumg‘aza atrofi hamda bo‘yin osteoxondrozlar farqlanadi.
Ko‘krak osteoxondrozi juda sust og‘riqlar bilan kechib, bemorni ko‘p bezovta qilmaydi. Lekin o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, boshqa kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Bemorlar ko‘p vaqt o‘t-tosh xastaliklaridan davolanadi, lekin, sinchiklab tekshirib ko‘rilsa, bu kasallikka "turtki" bergan aynan ko‘krak osteoxondrozi bo‘lib chiqadi.
Xo‘sh, bu kasallikni bemorning o‘zi ham aniqlashi mumkinmi? Agar chuqur nafas olganda ko‘krakda og‘riq sezilsa, o‘ng qo‘lni ko‘targanda qo‘ltiq yoki qovurg‘alarda noqulayliklar vujudga kelsa yoki bemorga ko‘krak ostida bosilish, qisilish hislari yuz berayotganday tuyulsa, darhol shifokorga ko‘rinishi shart.
Umurtqa pog‘onasining bel va dumg‘aza osteoxondrozi ko‘pincha me’yoridan ortiq yuk ko‘tarish, qaltis harakat qilish natijasida yuzaga keladi. Beldagi umurtqalararo teshikdan chiquvchi asab tomirlari qisilib, qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. Xuruj paytida og‘riq butun tanaga yoyilib, hatto bemorning tovoni ham og‘riy boshlaydi. Og‘riqning tez-tez kuchayib turishidan cho‘chib, bemor bukchayib yurishga majbur bo‘ladi. Doimo bukchayib yuraverish esa jigar, o‘t, o‘pka, yurak va boshqa ichki a’zolarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bora-bora umurtqa pog‘onasi qiyshayib qolishi mumkin.
Ostexondroz ikki usulda - dori-darmon yoki jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Noinvaziv usulida davolanganda bemorning umurtqa pog‘onasi cho‘ziladi. Shuningdek, davolash jismoniy badantarbiya mashqlari va uqalash muolajasi bilan ham bajariladi. Og‘riqqa qarshi dori-darmonlar tavsiya etiladi. Belga parafin, elektrofarez, diadinamik tok qo‘yilishi, shuningdek, rodon suvli vanna qabul qilish ham foyda beradi.
Bo‘yin osteoxondrozida asab ildizchalarida og‘riqlar nervning o‘tkir yallig‘lanishi, yelkada paydo bo‘ladigan og‘riq hamda bo‘yin radikuliti kuzatiladi. Yelka va bo‘yin atrofi og‘riydi, harakatlanganda og‘riq kuchayadi, shuningdek, qo‘lda chumoli o‘rmalagandek bo‘ladi. Bo‘yinni uyoq va bu yoqqa burish chog‘ida qisirlash eshitiladi. Qo‘l panjalarida sovuqlik va uvishish seziladi, ko‘krak, ayniqsa, yurakda og‘riq bo‘lishi mumkin. Og‘riq umurtqalardagi nerv tolalarining qisilishi tufayli sodir bo‘lib, bo‘yin, yelka va qo‘lga tarqaladi. Ba’zan og‘riq yengil darajada, xuddi "tok urgan"dek bo‘lishi ham mumkin. Yo‘talganda, qo‘lni qimirlatganda, bo‘yinni yon tarafga burganda zo‘rayadi. Spinal sindrom esa umurtqadagi disk churrasi bilan bog‘liq holda kechadi. Chunki disk churrasi orqa miyani qisib qo‘yadi. Oqibatda bemorda sezgining buzilishi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi, quvvatsizlik ro‘y beradi. Bu dard ayollardan ko‘ra erkaklarda ko‘proq, ayniqsa, 50 yoshdan oshgan kishilarda kuzatiladi. Aslida bu sindromni "bo‘yin stenokardiyasi" deyish mumkin, chunki bunda bemor boshini burganida, qo‘lini yuqoriga ko‘targanda yoki aksa urganida yurak sohasidagi og‘riq kuchayadi, xuruj esa 1,5 - 2 soatcha davom etadi.
Uqalash va davolash mashqlari esa bo‘yin-yelka sohasida qon aylanishini yaxshilab, mushaklar tonusini me’yorga keltiradi. Bunda kasallik ancha yengil kechadi va bemorni ortiqcha bezovta qilmaydi. Fizioterapiya usullari juda foydali, bunday davo muolajalari poliklinika sharoitida ham amalga oshiriladi. Agarda bemor bosh miyasida qon aylanishi buzilishi, orqa miya qisilishi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi holatlarida jarrohlik amaliyoti qo‘llanadi.
Abduvahob QARSHIYEV, respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali bo‘lim boshlig‘i.