O‘tgan yil shov-shuvlarga sabab bo‘lgan 64-sonli maktab-internatida ayni paytda qanday ishlar amalga oshirilyapti?
O‘tgan yil ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 64-son alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilarining kaltaklangani, sobiq direktor Sh.Sa’dinovning jinoiy javobgarlikka tortilishi haqidagi xabarlar odamlar orasida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida ayni paytda qanday ishlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdik va muassasa direktori Abduhalim MELIYeVni suhbatga tortdik.
– Muassasada kadrlar ham, tizim ham tubdan o‘zgardi, – deydi A.Meliyev. – Tarbiyalanuvchilar bilan induvidual holatda yondashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har haftaning juma kuni direktor va belgilangan guruh a’zolari ishtirokida har bir tarbiyalanuvchi bilan suhbat olib borish yo‘lga qo‘yildi.
– Siz rahbarlik qilayotgan muassasa boshqa maktab-internatlardan nimasi bilan farq qiladi?
– Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ularning kasb-hunar tayyorgarligi hamda ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiyasini amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Shuningdek, yoshlarni jismonan va ruhan sog‘lom voyaga yetkazish, mehnatsevarlik, vatanparvarlik g‘oyalarini shakllantirish maktabning asosiy vazifalaridan. Ushbu muassasa respublikada yagona bo‘lib, bolalarning yoshiga mos bo‘lgan psixofiziologik moyilliklari, shu bilan birga, qiziqishlariga, hayoti va sog‘lig‘ini saqlash talablariga muvofiq tarzda aqliy, emotsional hamda jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi ishlar amalga oshiriladi.
Bu yerda ishlayotgan pedagog va tarbiyachilardan umumiy o‘rta ta’lim maktablari xodimlariga nisbatan ko‘proq bilim, malaka hamda hayotiy tajriba va fidoyilik talab etiladi. Mazkur muassasada bolalarning har tomonlama nazorati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning tarbiyasi uchun qilinishi kerak bo‘lgan barcha ishlar amalga oshiriladi. Bolalarga bu yerda ta’lim-tarbiya beriladi va kasb-hunar o‘rgatiladi.
– Bu maktabni bitirgan bolalar sog‘lom turmush tarziga qaytadimi?
– Ta’lim-tarbiya jarayonidan chetda qolgan, o‘qituvchilar hamda ota-onalar va o‘rtoqlari bilan normal munosabat o‘rnata olmagan, qalb tuyg‘ularini oshkor etishning to‘g‘ri yo‘llarini topolmagan yoshlar tarbiyasi og‘ir bolalar sirasiga kiradi. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, tarbiyasi og‘ir bolalarning soni qayerda va qachondir ularga alohida e’tibor qaratmaslik oqibatida ko‘payib boradi.
Tarbiyasi og‘ir bolalarda qaysarlik, o‘jarlik, qo‘pollik singari salbiy xususiyatlar maktabga kelmasdanoq boshlanishi mumkin. Bu albatta, u yashayotgan muhit bilan bog‘liq. Ba’zi bir oilalarda ota-onalar farzandlariga yetarli e’tibor bermaydilar yoki ularni erka qilib o‘stiradilar. Onalar esa bolalarining yomon xulq-atvori va xatti-harakatini otalaridan yashirishga urinadi. Oqibatda bunday oiladagi bolalar tarbiyasi og‘ir bo‘lib voyaga yetadi.
Har bir tarbiyalanuvchiga individual yondashgan holda munosabatda bo‘lib, ularning ma’naviy olamini ezgulik g‘oyalari bilan boyitsak, albatta, sog‘lom turmush tarziga qaytishiga erishamiz.
– Avvalgidek ko‘ngilsiz holat yuzaga kelmasligi uchun o‘qituvchi va tarbiyachilar bilan qanday ish olib borildi?
– Qonun buzilishi holatlari, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat tug‘dirgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 26 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan "Alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab to‘g‘risida"gi nizom talablarining aniq va to‘g‘ri bajarilishi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Jumladan,
– davlat ta’lim standartlari talablarining tarbiyalanuvchilar tomonidan o‘zlashtirish monitoringi olib borish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini amalga oshirish;
– bolalarni yuqori professional darajada o‘qitish va tarbiyalash, o‘z kasbiy ko‘nikmalarini va pedagogik mahoratini doimiy ravishda takomillashtirib borish;
– pedagog axloq-odobiga rioya etilishi, bolalarning qadr-qimmati hurmat qilinishi, bolalarni tazyiqdan himoya qilish, ularni mehnatga, ota-onaga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash kabi maqsadlar asosida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.
Bolalarning tarbiyasi uchun o‘qituvchi va tarbiyachilar orasida ham hushyorlikka alohida e’tibor qaratilyapti. Qolaversa, binoning har bir qismi videokuzatuv orqali nazorat qilib borilmoqda.
Bolalarni barkamol voyaga yetkazish maqsadida ularning Samarqand shahridagi turli tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar, harbiy qism va ta’lim muassasalariga sayohati tashkil qilinmoqda. Bundan tashqari, bolalarning ota-onalari bilan ham maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Albatta, bu ishlar o‘z samarasini berishiga ishonamiz.
Abdujabbor PO‘LATOV suhbatlashdi.
Tahririyatdan: Mazkur maqola sahifalanayotganda "Facebook" internet tarmog‘ida maktab-internat rahbari A.Meliyevning quyidagi gaplarini o‘qidik:
"Mana, olti oyki, shu internatga men rahbarlik qilyapman. Muhit juda og‘ir, bolalarning ichki dunyosi undanda og‘ir. Sh.Sa’dinov bu yerda 5 yil qanday chidab ishladi ekan, deyman ba’zida.
Internatga bolalar respublika bo‘yicha turli xil jinoyatga qo‘l urib, sudning hukmi bilan keltiriladi. Ular orasida og‘ir jinoyat qilganlari ham bor. Tasavvur qiling, uyingizda bitta to‘polonchi bola bilan qanchalik qiynalasiz. Internatda esa ularning soni 150-160 nafar. Bugun bir gapni aytgan bola ertaga boshqa gapni aytadi. Ularni tarbiyalash, yo‘lga solish judayam qiyin. Internat hovlisidan chiqib ketish uchun har qanday ishdan qaytmaydiganlari bor. Hammasi ham emas, albatta..."