Otlar haqida nima bilamiz?
Qulun – otning yangi tug‘ilganidan bir yoshgacha bo‘lgan bolasi.
Toychoq – otning bir yoshdan ikki yoshgacha bo‘lgan bolasi.
Toy – ikki yashar bolasi.
G‘o‘non – uch yashar ot, ayg‘ir.
Do‘non – to‘rt yashar ot.
To‘lon – besh yashar ot.
Ayg‘ir – 3-4-5-6-7 yoshli erkak ot.
Chirg‘a – olti yashardan oshgan ot.
Tollon – 12 yoshli ot.
Qirchang‘i – qarib qolgan ot.
Baytal – yosh urg‘ochi ot.
Biya – tuqqan va bo‘g‘oz urg‘ochi ot.
Yilqi – otlar podasi, galasi.
Uyur – oralarida bir ayg‘iri bo‘lgan biyalar to‘dasi.
Yobi – nasli past ot.
Cho‘bur – xashaki ot.
Bayir – mahalliy sharoitga o‘rgangan jaydari ot.
Qorabayir – beli tekis va keng, ko‘pincha to‘riq yoki saman ot.
Tarlon – ola targ‘il, chavkar ot.
To‘riq – qora-qizil, to‘q tusli jiyron ot.
Jiyron – qizg‘ish-malla ot.
Saman – och malla, somon rang ot.
Samanto‘riq – samanga, mallaga moyil rangli to‘riq ot.
Burul – xoldor ko‘kish ot.
Chavkar – ola-bula, qora xolli, xol-xol ot.
Chagir - ko‘zida oqi bor ot.
Asov – mingi bo‘lmagan, hali minishga ko‘nikmagan ot.
Bedov – uchqur, o‘ynoqi ot.
Yo‘rg‘a – minganda xuddi mashinada ketayotgandek tekis, silliq yuradigan ot.
Do‘qqi – yo‘rg‘aning aksi, yurganda ustidagi odamni silkitib yuradigan ot.
Arg‘umoq – juda chopqir ot.
Tulpor – nasldor, chopqir, uchqur ot.
Xos tulpor – boqilgan, chiniqqan, uzoq safarlarda yurgan, poygada pishgan, nasldor ot.
Ot abzallari:
Bosmayil – otning qornidan egar bilan qo‘shib bog‘lanadigan tasma.
Quyushqon – egar otning boshi tomoniga ketib qolmasin uchun, uning dumi ostidan o‘tkazib egarga bog‘lab qo‘yiladigan arqon.
Uzangi – oyoq qo‘yib minish va egarda muvozanat saqlash moslamasi.
Tizgin – otning sulug‘iga va no‘xtasiga bog‘langan arqon. Otni mingach, u chavandozning qo‘lida bo‘ladi. Uning sinonimi – jilov.
Suluq – otning og‘ziga tiqilgan temir moslama. (“Ot boshiga ish tushsa suluq bilan suv ichar, yigit boshiga ish tushsa etik bilan suv kechar”)
Ot haqidagi naqllar:
- Ot bor uyga ins-jinlar yo‘lamas ekan.
- Ot – yigitning qanoti.
- Ot do‘sti – ota do‘sti.
- Oti bor – botir, oti yo‘q – yotir.
- Ot olsang, otasini surishtir.
Xullas, keksalarimiz, har bir xonadonda bitta ot bo‘lishi kerak, agar ot bo‘lmasa, otga atab uyning oldiga bitta taqa yo yakka mix qoqib yoki nuxta qilib, uni ko‘zga tashlanadigan joyga ilib qo‘yish kerak, deyishgan. Chunki bu narsalar hamisha otni so‘rab turar ekan.
Ha, darvoqe, otning ko‘zi yonida kiprigiga o‘xshagan tuklari bo‘ladi, o‘sha yulib tashlanmasa ot hurkovuch bo‘lib qoladi.