“O‘zbek jang san’ati” 10 yoshda

Samarqand shahridagi sport yakka kurashi turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida “O‘zbek jang san’ati” federatsiyasi tashkil topganining 10 yilligi munosabati bilan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida tadbir tashkil etildi.

Marosimning ochilishida so‘z olgan “O‘zbek jang san’ati” federatsiyasi raisi P.Usmanov, viloyat federatsiyasi faxriy raisi F.Toshev Samarqandda ushbu sport turida ko‘plab chempionlarning yetishib chiqayotgani, keyingi paytda eng chekka qishloqlarda ham sportning bu turiga qiziquvchilar va shug‘ullanuvchilar sonining ko‘payib borayotganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda bu sport turiga yaqindan yordam berib kelayotgan va hamkorlikda ishlayotganlarning bir guruhi federatsiya tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida 7 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida viloyat chempionati ham o‘tkazildi. Unda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan 200 ga yaqin yosh sportchilar “shaxsiy bellashuv”, “shaxsiy kompleks mashq” hamda “jamoaviy ko‘rgazmali chiqish” bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Urgutliklar ikkinchi va Samarqand tumani jamoasi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Ma’lumot o‘rnida: “O‘zbek jang san’ati” bilan viloyatimizda 10 yil oldin 300 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullangan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 1230 nafarga yetdi. Ularning 100 dan ortig‘i respublika, 30 ga yaqini jahon va Osiyo chempionati g‘oliblari hisoblanadi. 

Husan ELTOYeV.