O‘zbek tili 10 ming tildan iborat dunyo ro‘yxatida 40-o‘rinda turadi
Mustamlaka davrida tilimiz qadrsizlanib, o‘z mavqeini ancha yo‘qotdi. Hatto ba’zi millatdoshlarimiz o‘z ona tilida gapirishdan or qilgan zamonlar bo‘ldi. Shukrki, bugun ona tilimiz davlat tili sifatida o‘z o‘rni, nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Ammo, hali bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bir talay. Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Azamat Pardayev bilan suhbatimiz o‘zbek tili taraqqiyoti va undagi muammolar haqida bo‘ldi.
- O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida ona tilimiz taraqqiyoti yo‘lida nimalarga erishdik?
- Biz birinchi navbatda o‘zbek tilini halokat yoqasidan qaytardik. Sobiq ittifoq davrida judayam rusparastlik, rus tilini birinchi til darajasiga ko‘tarish kuchayib ketgandi. Aslida bunday holat XVIII asrda Rossiyada ham sodir bo‘lgan. Rus aristokratlari rus tilida gaplashishga or qilishgan va ko‘proq fransuz tiliga e’tibor bera boshlagan. Oddiy xalq rus tilida gaplashgan. Ularda ham mana shunday til inqirozi ro‘y bergan. Bu holat bizda 1980 yillar arafasida bo‘lgan, ya’ni rus tiliga katta e’tibor berilgan. Uni nufuz deb hisoblab, rus tilida gapirish elita darajasida urf bo‘lgan. Bu holat tilimizni g‘ariblashtirdi, o‘z tilimizda gapirishdan uyaladigan bo‘ldik. O‘sha paytda ziyolilar qatlami bunga qarshi qattiq kurashdi. Hanuzgacha tilimizni asrash va rivojlantirish jarayoni bosqichma-bosqich davom etib kelyapti.
Tilni to‘lasincha anglatish, uning mohiyatini tushunish uchun juda ko‘pchilik harakat qilishi kerak. Har bir o‘zbek farzandida bolaligidan tilimizdan g‘ururlanish, uni asrash hisini uyg‘otish lozim.
Tarix uchun 33 yil uncha katta muddat hisoblanmaydi. Ammo shu davrda juda katta ishlar qilindi, o‘zbek tili dunyodagi o‘zining salaflari qatoriga chiqdi. Birgina misol, ijtimoiy tarmoqlarda tillarni doimiy tekshirib, so‘z boyligi, so‘zlovchilar soni, ilmiy tadqiq etilishini o‘rganib boradigan tashkilot bor. Masalan, o‘sha tashkilotning 10 ming tildan iborat ro‘yxatida o‘zbek tili 40-o‘rinda turadi. Bu juda yaxshi natija. Qaniydi, kelajakda tilimizni yanada rivojlantirib, kuchli o‘nlikka kirsak.
- Keyingi yillarda o‘zbek tiliga “startap”, “feyk”, “press-tur”, “xoll”, “siti” kabi ajnabiy so‘zlar kirib kelmoqda. Holbuki, ayrimlarining o‘zbek tilida muqobil varianti bor. Bunday holat davom etaversa, til boyligimiz qashshoqlashib ketmaydimi?
- Til xuddi tirik organizm singari doim oziqlanadi. Tilning oziqlanishi ichki va tashqi bo‘ladi. Ichki oziqlanishda shevalardan, turli grammatik vositalardan yangi so‘zlar yasaymiz. Agar e’tibor berayotgan bo‘lsangiz, keyingi paytda bu juda avj oldi. Oldin ijodkorlarimiz ehtiyot bo‘lib, so‘z yasardi. Buni men ijobiy holat deb hisoblayman. Xalqqa qaysi biri ma’qul bo‘layotgan bo‘lsa, uni o‘zlashtirib olaveradi, yoqmasa, iste’moldan chiqib ketaveradi.
Ayrim tilshunoslar 500 yildan keyin Yerda bitta til qolishi haqida hadikli gap aytishmoqda. Ularning 60-70 foizi ingliz tiliga asoslangan til qoladi, deyishadi. To‘g‘ri, buni kimdir kinoya bilan aytgan bo‘lishi mumkin. Hozirgi holat bo‘yicha o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, biz shunga qarab ketyapmiz. Ingliz tili bugun har bir tilga shovullab kirib boryapti. Masalan, mana bu “mishka”ni biz “sichqoncha” deb ko‘rdik, ommalashmadi. Klaviaturani “tagtaxta”, dedik, bo‘lmadi. Qarasak, sekin-asta muayyan tushunchalar bilan bog‘liq so‘zlar kelyaptiki, tilimizda ularning muqobili yo‘q. Keyin insonlarda har bir millatga xos til dangasaligi bor. Biz ko‘proq oson variantni qo‘llashga harakat qilamiz. Masalan, “chorlov” so‘zining o‘rniga “chellenj” so‘zi qo‘llansa, sal boshqacha eshitilyapti. Yoshlarimizga shu so‘z ma’qul bo‘lyapti. Davr, fan qanchalik taraqqiy etaversa, yot so‘zlar tilimizga kirib kelaveradi. Masalan, televizorning pultini nimalar deb atamadik, baribir ommalashmadi.
Esingizda bo‘lsa, 90-yillar arafasida yoppasiga tilimizni tozalaymiz, deyishdi. Fors-tojik, arab tillaridan o‘zlashgan so‘zlarni chiqarib tashladik. O‘zimiz bir nimalar yasashga harakat qildik. Masalan, kitob, maktab so‘zlari arab tilidan o‘zlashgan. Bugun kitobning o‘rniga “bitik” desak bo‘lmaydi, chunki kitob so‘zi tilimizga singib ketdi. Shuning uchun ba’zi holatlarda boshqa tillardan so‘z o‘zlashishini tabiiy holat, deb hisoblayman.
- Ilgari filologiya fakulteti talabalari qishloqlarga shevaga xos so‘zlarni o‘rganish uchun amaliyotga yuborilardi. Hozir ham shu an’ana davom etyaptimi?
- Oldin har bir oliy ta’lim muassasasida shevashunoslik bo‘yicha to‘garaklar bo‘lardi. Mana shu to‘garaklarga rasmiy tus berildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bizning tayanch muassasamiz hisoblanadi. U yerdagi markazga viloyatlar kesimidagi har bir to‘garak hisobot berib turadi. Oldin bitta tumanning bitta qishlog‘i shevasini o‘rgangan bo‘lsak, bugun talabalar sonining ko‘pligi bois ularni ikki haftaga o‘z hududi shevasini o‘rganib kelishga yuboryapmiz. Bu yerda komissiya talabalar topib kelgan so‘zlarni ajratib, lug‘atlar tayyorlaydi. Shevaga xos so‘zlar iste’molda qanchalik ko‘p ishlatilsa, u umumxalq tiliga o‘tib boraveradi.
- Avvalo, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tili me’yorlariga amal qilinishi kerak. Ammo televideniye va radioda berilayotgan ayrim ko‘rsatuv va eshittirishlar adabiy til normalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda necha yildan beri gapirilyapti, biroq natijasi ko‘rinmayapti. Nima qilsak, ushbu muammoning oldini olgan bo‘lamiz?
- Oldin telekanallar soni kam, shuningdek, hukumat tasarrufida bo‘lib, uni nazorat qiluvchi idoralar bor edi. Shu sababli suxandonlar nutqi ideal darajada bo‘lardi. Bugun xususiy telekanallar turli xil shou, ko‘rsatuv va seriallar beryapti. Ammo umuman, ularni nazorat qiladigan tashkilot yo‘q, deb hisoblayman. Afsuski, bugun telekanallarimiz shevada gapirishni tabiiylik deb qabul qilyapti. Ommaviy axborot vositalarida adabiy til normalariga rioya qilish qonunlar bilan nazorat qilinishi kerak. Agar bu masala hukumat darajasida ko‘rib chiqilmasa, og‘riqli masala bo‘lib qolaveradi.
- Tilshunoslarimiz tomonidan o‘zga til vakillari uchun o‘zbek tilini o‘rgatadigan mukammal kitob yaratilganmi?
- Albatta, bir talay olimlarimiz bu masalada alohida shug‘ullanyapti. Misol uchun, professor Jo‘liboy Eltazarov koreyslar, turklar uchun darsliklar yaratdi. Biz boshqa til vakillarining o‘zbek tilini oson o‘rganishi uchun kam e’tibor qaratayotgandik. Shuning uchun “O‘zbek tili do‘stlarim” degan klub tashkil qildik. Ana shu klubda ko‘plab mana shunday darsliklar yaratilyapti. Tilimizni nafaqat asrash, balki uni o‘rganishni ham targ‘ib qilishimiz kerak.
- Filologiya fakultetidagi tilshunoslar o‘zbek tili rivojiga qanday hissa qo‘shyapti?
- Bugungi kunda filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasida 12 nafar tilshunos olim, o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida 5 nafar o‘qituvchi faoliyat yurityapti.
Ular tomonidan o‘zbek tilining nazariy, amaliy jihatlarini yoritishga bag‘ishlab ko‘plab darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiya, lug‘at va ilmiy maqolalar yozilmoqda. Respublikamiz va xorijdagi ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, ma’ruzalar qilishmoqda. Tilimizning muhim jihatlari bo‘yicha dissertatsiyalar yoqlanmoqda.
S.Karimovning “Nutq madaniyati va mutolaa san’ati” (2020), J.Eltazarovning “O‘zbek va jahon tilshunosligida so‘z turkumlarining o‘rganilishi” (2021), A.Pardayevning “Tilshunoslik nazariyasi” (2021), A.Pardayev va S.Qurbonovlarning “Hozirgi oʻzbek tili”, A.Pardayev, D.O‘rinboyeva, D.Islomovalarning “O‘zbek terminologiyasi” (2020), D.O‘rinboyevaning “Kompyuter lingvistikasi” (2020), Sh.Mahmadiyev va T.Ernazarovlarning “O‘zbek dialektologiyasi” (2021), O.Yusupovaning “Tilshunoslik va tabiiy fanlar” (2021) o‘quv qo‘llanmalaridan ta’lim tizimida talabalar foydalanmoqda.
Atrofdagi mamlakatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bizning kam sonli tadqiqotchilarimiz til taraqqiyoti bo‘yicha shug‘ullanyapti. Ammo tilshunos olimlarimiz juda kam. Aslida o‘zbek tilshunosligini rivojlantirish uchun har bir viloyat kesimida maktab shakllanishi kerak.
Negadir har yili bayram arafasida o‘zbek tili rivoji haqida jonkuyarlik bilan gapirib qolamiz. Bayram o‘tgach, yana bu mavzu unutiladi. Aslida o‘zbek tili taraqqiyotiga nafaqat tilshunoslar, balki hamma javobgar bo‘lishi kerak.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.