O‘zbekistonda koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlarning bir nafari o‘ta og‘ir holatda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 472 nafarni tashkil etyapti. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinkasida davolanayotgan 92 bemorning 23 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 66 bemordan 1 nafarining ahvoli o‘rta og‘irlikda, 1 nafariniki esa o‘ta og‘ir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Koronavirusga chalingan bemorlar Toshkent shahridan tashqari yana 8 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalarida davolanayotgani to‘g‘risida ma’lumot bergan edik. Bu bemorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda doimiy yashaydigan fuqarolardir. Ular qaysi charter reys bilan qayerga olib kelingan bo‘lsa, aynan shu yerda tibbiy kuzatuvga olingan. Bemorlar esa tegishli tibbiy muolajalarni olyapti. Biron bir hudud fuqarolari bizda kasallik chiqmadi, degan fikr qilishi kerak emas. Kasallikka chalinganlar respublikamizning barcha hududlaridan aniqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir hududga kasallik kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas.

Shunday ekan, har biringiz sergak bo‘ling. Uyda qoladigan bo‘lsangiz kasallik uyingizga kirmaydi, oilangizni shu dardga mubtalo qilmaysiz.

Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman: siz kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘ldingizmi, bu ma’lumotni yashirmang, tibbiyot xodimlarini, epidemiologlarni chalg‘itishga urinmang, darhol bu haqda xabar bering. O‘zboshimchalik bilan uyda qolib davolanmang. Kasallikning biron belgisi paydo bo‘lishi bilan, uyingizga tibbiyot xodimini chaqiring. Shundagina kasallik oila a’zolaringizga, yaqinlaringizga yuqishining oldini olasiz va o‘zingizda jiddiy asoratlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaysiz.

Karantin – bu sinov muddati. Hanuzgacha, ming afsuski, odamlarimiz bu holatni anglab yetmayapti, beparvo. Qaysidir xonadonga kasallik kirib borgandagina ularning ko‘zi ochilyapti. Bu fikrlarni bejizga qayta-qayta aytayotganimiz yo‘q. Har biringizni ogohlantirish bizning vazifamiz, hushyor bo‘lish, mas’uliyatni his qilish esa sizning zimmangizdagi vazifa ekanini unutmang!