O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanadi
O‘zbekistonda birinchi bo‘lib vaksina oladiganlar toifalarning ro‘yxati ma’lum qilindi. Bular:
- 65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar;
- surunkali kasalliklari bor shaxslar;
- tibbiyot xodimlari;
- maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
- aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridir.
Respublikada toifalar bo‘yicha "COVID-19"ga qarshi emlash 2021 yilning mart oyining birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami bo‘lib davolash profilaktika muassasalari qoshida 3138 ta emlash xonalari va 820 ta mobil brigadalar tashkil etilgan, ular barcha emlash ishlarini jadval asosida va bosqichma-bosqich amalga oshiradi.
Respublika bo‘yicha xavf guruhiga kiruvchi aholini emlash ishlari yakunlanishi va respublikaga vaksina kelishiga binoan qolgan aholi ham emlanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar respublikada qo‘llaniladi (hamkor tashkilotlar tomonidan joriy yilda "COVID-19"ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi aholisining 20 foizi miqdorida koronavirusga qarshi emlash uchun vaksinaga buyurtma tayyorlanib, COVAX jamg‘armasiga yuborildi).
Sanitariya-epidemiologiya xizmati "SOVID-19" infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi 12 ta yetakchi korxonalar bilan ushbu vaksinalarni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganligini aytgan.