O‘zbekistonda koronavirusning eng keng tarqalgan varianti "delta" shtammi ekani ma’lum bo‘ldi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus infeksiyasi holatlarini o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, "delta" shtammining ulushi 82 foizni tashkil etadi, bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Alpha (10,3 foiz) va 20A (7,7 foiz) shtammlari egalladi.

"So‘ngi haftalarda koronavirusning "delta" varianti umumiy kasallanishlar sonining beshdan to‘rtidan oshdi. “Hindcha" shtammi, deb nomlanuvchi virus turi “Uxan” va “Britaniya” versiyalariga qaraganda ko‘pincha kasallikning og‘ir shakllariga olib kelishi xavotirga soladi. Bu umuman epidemiologik manzarani tubdan o‘zgartiradi.

Afsuski, simptomsiz holatlar kamroq uchramoqda va inkubatsiya davri qisqarib, sog‘liq uchun jiddiy oqibatlar xavfini kuchaytiradi.

Biroq yaxshi yangiliklar ham bor: tadqiqotlarimiz shuni tasdiqlaydiki, hozirgi vaksinalar yangi shtammlarga qarshi samarali. Emlanganlar kamdan-kam hollarda kasallikka uchragan taqdirlarida ham, inson tanasida virus mutatsiya qila olmasligi sababli COVID-19’ni yengil o‘tkazadi. Buni 24 avgust kuni olingan ZF-UZ-VAC2001 preparati sinovlarining uchinchi bosqichi natijalari ham tasdiqlaydi.