O‘zbekistondan Belgiyaga dukkakli ekinlar va quritilgan mevalar eksporti oshiriladi
Bu masala O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov va Belgiyaning "GroupDepre" kompaniyalar guruhi bosh direktori Karolin Depre o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Yevropa bozoriga O‘zbekiston mahsulotlari eksportini oshirish masalalari muhokama qilingan.
Belgiya vakiliga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarali natijalari, shuningdek, respublikada sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi dasturlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekistondan dukkakli ekinlar importini 2023 yilga nisbatan ikki baravarga ko‘paytirish, shuningdek, O‘zbekiston eksport mahsulotlari turlarini diversifikatsiya qilish va kengaytirish, xususan, quritilgan meva va sabzavotlar yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.