O‘zbekistondan Eronga gumanitar yordam yuboriladi
Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborish to‘g‘risida Hukumat farmoyishi (140-f-son, 12.03.2020 yil) qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Farmoyishga ko‘ra, Eron Islom Respublikasi hukumatining koronavirus kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur buyum va vositalar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu infeksiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida Eronga quyidagi tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuboriladi:
- bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar;
- himoya qiluvchi kombinezon;
- maxsus tibbiy forma;
- tibbiy niqoblar;
- tibbiy doka;
- tibbiy spirt;
- gigiyenik gel;
- “Rutan” tabletkalar.
Insonparvarlik yukini kuzatib borish va topshirish uchun Eronga Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi yuboriladi.