O‘zbekistonning “Shvetsariya”si haqida eshitganmisiz? U yerda respublika yosh ijodkorlarning an’anaviy seminari bo‘lib o‘tdi
Tong. Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminarida ishtirok etish uchun samarqandlik bir guruh qalamkashlar Jizzax shahri tomon yo‘l oldik. Mushoira va bahrubaytlar sadosi ila shamolday tog‘ yonbag‘ri tomon yelib borardik. Jizzax shabodasi esayotgan tepaliklar yosh ijodkorlarga yanada ilhom ulashardi. Simyog‘och va ulkan daraxtlarda in qurgan o‘nlab laylaklarga qarab quvonasan kishi. Shu lahzada bilganlarning laylaklar tinch-totuv va barakali yurtda bo‘lishadi, degan gapi xayolingdan o‘tadi. Haqiqatan, ana shunday maskanda yashayotganingdan yana bir bor faxr hissini tuyasan.
Jizzax shahridamiz. O‘ziga xos kompozitsiyaga ega bo‘lgan keng ko‘chalar, tartib bilan bunyod etilgan ko‘p qavatli uylar va dam olish xiyobonlari shaharga ko‘rk berib turibdi. Shaharga kirarkanmiz u yerlik haydovchilarning bir-biriga nisbatan hurmat bilan harakatlanishi e’tiborimizni tortdi. Jizzaxliklarda haydovchilik madaniyati anchagina yaxshi ekanini bizni olib ketayotgan mashina boshqaruvchisi ham e’tirof etdi.
O‘zi yo‘q, ammo ijodi tirik insonlar
Respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan ustoz va yosh ijodkorlar Jizzax viloyat hokimligi va tegishli tashkilotlar tomonidan iliq kutib olindi. Ijodiy uchrashuv dastavval, shaharning 9 qavatli “O‘zbekiston” mehmonxonasi oldidagi keng maydonda qad rostlagan Sharof Rashidovning haykali poyiga gul qo‘yishdan boshlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim boshchiligidagi ko‘plab taniqli adabiyotshunoslar, jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar hamda yosh qalamkashlar Sh.Rashidov qoldirgan adabiy merosni yodga oldi. Haykalning orqa tomonida bunyod etilgan musiqali favvora esa el sevgan san’atkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlarga hamohang harakatlanmoqda. Badiiylik asosida, rang-barang yoritkich chiroqlari-yu, har xil shakldagi turli xil manzarali daraxtlar bilan bezatilgan xiyobon odamlar bilan gavjum.
Ijodkorlar xiyobonning yon tomonida joylashgan Hamid Olimjon va Zulfiya haykali poyiga gul qo‘ydi. Oppoq, qo‘lda kitob bilan tik turgan holatdagi Hamid Olimjon vafo va sadoqat timsoli sifatida yodga olinadigan turmush o‘rtog‘i Zulfiyaga she’r o‘qib berayotgandek tuyuladi. Ikki buyuk shoir uchun o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan mazkur san’at asari orqali ularning o‘zaro munosabatlari aks etmoqda.
– Ulug‘ insonlar uchun o‘rnatilgan haykallarga va shunday obod maskanga qarab, bag‘ri-diling yayraydi, – deydi Sirojiddin Sayyid. – Bu ham yurtboshimiz tomonidan ijodkorlarga qaratilayotgan e’tiborning bir ko‘rinishi. Buyuk insonlarni bergan bu zaminda shunday adabiy muhit davom etaversa, adabiyotni sevadigan, iqtidorli yoshlar yildan-yilga ko‘payaveradi. Aynan siz, yoshlarning orangizdan ham o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitadigan, ijodkorlar, ulug‘ insonlar chiqishiga ishonaman.
Shoirlar haykali qarshisida turar ekanman, Zulfiyaning quyidagi qaydlari yodimga tushadi:
“1935 yilda to‘yimiz bo‘ldi. – Men yayrab yashardim. Inson chinakam sevib, sevilganda atrofidagi barcha qiyinchiliklar ushoq bo‘lib ko‘rinadi. To‘rt fasl ham bahor bo‘lib ko‘rinadi. Men o‘sha paytda shunday ruhda edim…”
Ijod ahli xiyobon yonidagi buyuk adiblar merosini ko‘zgusi bo‘lgan muzeylar bilan ham tanishdi. Prezident tashabbusi bilan qisqa muddatda qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda bunyod etilgan muzeylar Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya ijodiga oid kitoblar va yuzdan ortiq eksponatlar bilan to‘la. U yerda bo‘lgan har qanday kishi ma’naviy yuksalganday bo‘ladi, unutilmas taassurotlar bilan qaytadi.
“O‘zbekistonning ShVETsARIYa”si
Keyingi manzil Zomin tumani bo‘ldi. Zomin tog‘larini O‘zbekistonning “Shvetsariya”si deyishadi. Bu yerda bo‘lgan kishilar shifobaxsh tog‘ havosidan bahramand bo‘lib, tabiatning go‘zalligidan ko‘z uzolmaydi, degan gaplarni eshitardik. Bu haqiqat ekan...
Tog‘ oralab “O‘riklisoy” dam olish manzili tomon uchta yirik avtobusda yuqorilab borarkanmiz, bizni to‘rt tomondan o‘rab olgan ulkan tog‘lar hayratimizni, quvonchimizni oshirar, uning havosi dimog‘imizni qitiqlardi. Har tomonda qad rostlagan yam-yashil daraxtlar va maysalar esa go‘yo bizni kutib olayotgandek, yoqimli shabada kuyidan hilpirab turardi.
Bu tog‘lar oddiy tog‘lar emas!
Zomin tog‘lari quchog‘iga olgan katta suv omboriga har tomondan tip-tiniq suv kelib qo‘shilmoqda. Xayol oladi, ha, bu tog‘lar oddiy tog‘lar emas. U osmondan yog‘ilayotgan yomg‘ir va qor parchalarini ham isrof qilmaydi. Va, albatta, oylar, yillar davomida to‘plagan suvini oz-ozdan xalqiga, shu zamin odamlariga ulashadi, ularning ehtiyojini qondiradi.
Avtobusning orqa tomonidan chiqqan ovoz beixtiyor hammani o‘ziga qaratdi:
“O, ota makonim,
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga...”
O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf qalamiga oid mazkur she’rni toshkentlik yosh shoir Najmiddin Ermatov o‘qib yakunlar chog‘i O‘riklisoyga kirib keldik.
O‘riklisoydamiz: Oqshomdan tonggacha
Ijodkor borki, ikki holatda qo‘liga qalam oladi: oq va qora ranglarni ko‘rganda. Ya’ni, yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va ko‘rksizlik. Mana, ikki kunki, Zomin bag‘ridamiz. Anglaganim shu bo‘ldiki, bu yerga qalam ahlining talpinishi bejiz emas ekan. Yurtimizning eng mumtoz, latif manzaralarini shu yerga kelib ko‘rdim. Tabiiyki, bunday go‘zallik ijod kishisiga dunyoning oq tomonini ko‘rsatadi. Yurakka quloq tutish, tabiatla uyg‘unlashish, yolg‘iz qolish imkonini beradi.
Tog‘da havo sovuq ekan
Kechasi sovuq qotdim. Kechagina Samarqandda edim. Issiqdan lohas bo‘layotgandim. Yaratganning mo‘’jizasini qarangki, yondosh ikki viloyatimizning ikki nuqtasida ikki xil iqlim. Aslida ikkisi ham o‘ziga xos. Insonga nur ham, havo ham birdek kerak.
Yana bir holat menga manzur bo‘ldiki, e’tirof etishni istardim. Zomin hududida suv, ariq va soylar ko‘p ekan. Bu ham hudud yuzini chayib turgandek. Kechasi bilan soyning ovozini eshitib chiqdim. Erta tongdan kichik-kichik sharsharalar ovoziga quloq tutdim. Mutaxassislarning aytishicha, suvning ovozi kishi asablarini tinchlantirish, stressdan chiqarish xususiyatiga ega ekan. O‘shanda hudud odamlarining ochiq chehrasi, uzoq umr ko‘rishi sababini topgandek bo‘ldim.
Endi faraz qiling. Shu manazaralar ichra yashasangu yozmasang bo‘ladimi? Yozmaslikning imkoni bormi?
Yarim tunga qadar mushoira, badihago‘ylik davom etdi. Bu biz, yosh ijodkorlarga nega kerak? Bu shubhasiz, fikr almashish, o‘zaro bilganlarimizni o‘rtoqlashish va eng asosiysi, ADABIYoT ichiga kirish imkonini beradi. So‘zga bo‘lgan mehrimizni oshiradi, toshiradi.
Seminarda yosh ijodkorlar taqdirlandi
Erta tongdan seminar boshlandi va ustoz ijodkorlar boshchiligidagi yosh qalamkashlar o‘zlari tanlagan nasr, nazm, dramaturgiya, publitsistika va tarjimonlik yo‘nalishlari bo‘yicha shu’balarda mashg‘ulot olib bordi.
Ochig‘i, bunday adabiy muhitda bo‘lib, mamlakatimizning eng ko‘zga ko‘ringan adabiyotshunoslari, jurnalistari, tarjimon hamda yozuvchi va shoirlari suhbatini olib, o‘gitlarini eshitib, bilmaganimizni o‘rgandik, zavqlandik, yanada shiddat bilan qalam tibratgimiz keldi.
Seminarda ustozlar mazkur tadbir bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgani va bu orqali yosh, qalami o‘tkir ijodkorlar kashf qilinayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ular ayni paytda o‘z ijodi orqali o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasi rivoji uchun xizmat qilayotgani aytildi. Yoshlarning ijodiy ishlari bilan tanishgan ustoz ijodkorlar ulardagi kamchilik, muammo va yutuqlari haqida tushuncha berdi.
Uchrashuvlarda yoshlar fikr almashdi, soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Seminarda mushoira kechalari, mahorat darslari, davra suhbatlari, sayohat va boshqa tadbirlar tashkil etildi. Yosh ijodkorlarga aytilgan kamchiliklarni tuzatish, ijodiy qobiliyatni yanada oshirish eslatib o‘tildi.
Badiiy publitsistika yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etayotgan yoshlarga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko‘chimov va “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev soha haqida gapirar ekan, jurnalistika va jurnalist haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Jurnalistlarga shu kungacha bu qadar so‘z erkinligi berilgan emas, – dedi A.Ko‘chimov. – Bugun jurnalist istagancha fikrini bildiryapti, dilidagi gapini ayta olyapti va bunga to‘sqinlik yo‘q. Bu yaxshi, albatta. Ammo ayrim ommaviy axborot vositalari xodimlari so‘z erkinligi deb undan pala-partish foydalanyapti. Qaysidir mavzuni yaxshi o‘rganmasdan, chuqur tahlil qilmasdan mehnat qilayotgan odamlarning ishini yo‘qqa chiqarmoqda. Shu bois jurnalist so‘z erkinligidan to‘g‘ri foydalanib, har bir shikoyatnimi, boshqa narsanimi to‘g‘ri o‘rganishi va xalqqa to‘g‘ri yetkazishi kerak. Siz, yoshlar shunday katta yo‘lda turibsiz ekan, albatta, mana shu narsalarga e’tibor qiling.
Shu kuni ijodkorlar Zomin sharsharasiga sayohat qildi. Tog‘ cho‘qqisidan sochilib atrofga tarqayotgan, har qanday kishini quvontiradigan sharsharaga chiqib borish uchun yuzdan ortiq zinani bosib o‘tish kerak. Shu yerlik aholining aytishicha, sharshara suvi maza ta’mga ega bo‘lishi bilan birga, shifobaxsh xususiyatiga ham ega. Tog‘ tepasidan tushayotgan bu suv ham oxiri borib suv omboriga qo‘yilar ekan.
Seminar yakunida yosh ijodkorlarga hamkor tashkilotlar tomonidan sertifikat, esdalik sovg‘alari hamda kitoblar jamlanmasi va yuz ming so‘mdan pul mukofoti topshirildi. Bu ham yoshlar uchun e’tibor va rag‘bat.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Samarqand – Jizzax – Zomin.